Joriy yilda vohadagi isteʼmolchilar individual elektron ID-karta bilan toʻliq taʼminlanib, ular foydalanayotgan maishiy gaz ballonlarga maxsus yorliq yopishtirilmoqda. Natijada yetkazib berilgan suyultirilgan yoqilgʻi hisobi toʻliq avtomatlashtirilgan tartibda nazorat qilinadi. Hududlarda mavjud isteʼmolchilar haqida real maʼlumot shakllantirilib, yetkazib berilayotgan suyultirilgan gaz hajmining aniq hisobi olib boriladi. 

Bugungi kunda “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali tomonidan viloyatning 40 dan ortiq olis qishloqlariga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berilmoqda. “Xushxabar” qishlogʻi — shulardan biri.  Qishloq dengiz sathidan 2500 ming metr balandlikda joylashgan.  Shu bois, bu yerga ilgari  gaz olib kelinmagan.  Yaqindan boshlab qishloq ahliga gaz ballonlari tarqatila boshladi.

“Xushxabar” qishlogʻi odamlari necha yildirki, mana shu soʻqmoqlardan shaharga tushib chiqishadi. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerakki, ayni paytda “Toʻpolon” suv omborining yuqori qismida yoʻl qurilyapti. Ushbu loyiha amalga oshirilsa nafaqat “Xushxabar”, balki “Karsh”  hamda “Vachaq” kabi togʻ qishloqlari ham turizm manzillariga aylanadi.