— Xususiy immunoprofilaktika muassasalar (vaksinatsiya markazlari) tomonidan koronavirusga qarshi emlash jarayonlariga ruxsat berilgan. Shu bilan birga, hozirgi kunda koronavirusga qarshi vaksinalar faqat davlat buyurtmasi asosida olib kelinayotganini unutmaslik kerak, — deydi N. Otabekov. — Ushbu vaksinalar bilan aholining xavf osti guruhiga kiruvchi qatlamlari emlanmoqda.
Xususiy immunoprofilaktik muassasalar ham oʻzlari koronavirusga qarshi vaksinani olib kelib, emlash jarayonlarini amalga oshirishlari mumkin. Ammo hozircha biror bir xususiy vaksinatsiya markazida bunday amaliyotlar oʻtkazilmayapti.
Qayd etish lozimki, keyinchalik mamlakatimizga olib kelinayotgan vaksinalarga davlat buyurtmasi shakllantirilayotgan chogʻda xususiy sektor ehtiyoji ham eʼtiborga olinsa (bugungi kunda vaksinalarni ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning ishlab chiqarish quvvati ehtiyojni toʻliq qondira olmayapti), uni yurtimizga yetkazib berish bilan shugʻullanadigan tashkilot, shu jumladan, “Dori-darmon” AK tomonidan ham xususiy sektorga yoʻnaltirilishi mumkin.
Ammo hozircha faqat davlat muassasalarida xavf osti guruhiga mansub aholi qatlamini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari amalga oshirilmoqda.