Oʻtgan yilnining oʻzida mebelsozlik yoʻnalishida 920 ta yangi korxona ish boshladi. Sohada 6 trillion 700 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi.
Buni karrasiga oshirish uchun qator masalalarni hal qilish zarur. Masalan, mebel mahsulotlarining 25-30 foizi xonadonlarda tayyorlanayapti. Uydagi ishlab chiqarishdan sanoat bosqichiga oʻtishga intilayotgan mebelsozlar koʻp.
Shu bois, yakka tartibdagi tadbirkorlarga 5 nafargacha ishchi olib, mebel ishlab chiqarishga ruxsat beriladi. Ushbu faoliyatni boshlash, kengayish istagida yurgan yosh tadbirkorlarga 7-yilga 5 milliard soʻmgacha 18 foizli kredit ajratiladi.
Oltinkoʻl va Xonqadagi “Mebelchilik markazi”da 100 dan ziyod korxona zamonaviy uskunalar oʻrnatib, mebel ishlab chiqarmoqda. Oldin uyidagi tor joyda mebel yasagan tadbirkorlar hozir yaxlit kompleksga joylashib, klaster tizimida ishlayapti.
Sharof Rashidov, Yangi Namangan, Pastdargʻom, Oʻrtachirchiq, Quva, Buvayda, Yunusobod va Uchtepada ham Xonqa tajribasi asosida mebelchilik markazlarini ishga tushirish topshirildi.









