Yakka tartibdagi tadbirkorlarning qariyb 40 foizi xotin-qizlardan iborat

    Mamlakatimizda 14 Yanvar 2022 685

    Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan ayollarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan onlayn shakldagi video muloqoti bo‘lib o‘tdi.

    Unda manfaatdor vazirlik va idoralar, jumladan Bandlik va mehnat munosabatlari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi, Biznes Ombudsman, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Davlat xizmatlari agentligi, Yoshlar ishlari agentligi, Markaziy bank, Hunarmand uyushmasi, «Tadbirkor ayol» ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi mas'ul xodimlari ishtirok etdi.

    Ma’lumki, ishbilarmon, tadbirkor ayollar mamlakat taraqqiyotida iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, ish o‘rinlari yaratish, innovatsiyalarni rag‘batlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Shu bois, mamlakatimizda ham ayollarning barcha jabhalarda faolligini oshirishga qaratilgan siyosat amalga oshirilishi natijasida tashabbuskor, intiluvchan, g‘ayratli, yuqori malakali mutaxassis va tadbirkor xotin-qizlar soni tobora ortib bormoqda.

    Muloqotda qayd etilganidek, so‘nggi uch yilda iqtisodiy faol ayollar soni 10 foizga oshdi. Davlat tashkilotlarida ishlayotganlarning 42,7 foizini ayollar tashkil etmoqda. Mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan tizimli islohotlar hamda ko‘rsatilayotgan e’tibor natijasida ular tomonidan 130 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ekti samarali boshqarib kelinmoqda. Yakka tartibdagi tadbirkorlarning qariyb 40 foizi xotin-qizlardan iborat.

    Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, 2021-yil 13-15-oktyabr kunlari Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbaeva boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan uchinchi yevroosiyo ayollar forumida ishtirok etgan edi. Unda bildirilgan takliflar va kelishuvlarni tatbiq etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi yuzasidan «Yo‘l xaritasi» tasdiqlanib, unga ko‘ra O‘zbekistonning xotin-qizlar bandligini ta’minlash va tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha tajribasini xalqaro keng targ‘ib etish hamda bu borada taqdimot tayyorlash vazifasi yuklatilgan edi.

    Shunga muvofiq muhokamalar davomida ushbu taqdimot materiallarini tayyorlash yuzasidan mas'ullarga so‘nggi 3 yil davomida mamlakatimizda xotin-qizlar bandligini ta'minlash va tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, ilg‘or tajribalar haqida ma’lumotlarni umumlashtirish, tahlil etish va belgilangan muddatlarda ishchi guruhga taqdim etish vazifasi topshirildi.

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.