“Ertakjon” nomli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti 12 guruhdan iborat boʻlib, 360 oʻringa moʻljallangan, ushbu tashkilotni rekonstruksiya qilish uchun Yakkasaroy tuman hokimining tegishli qarorlari asosida mahalliy byudjetdan jami 3 mlr. 152 mln. soʻm mablagʻ ajratildi.

Joriy taʼmirdan soʻng maktabgacha taʼlim tashkilotida bolajonlar uchun alohida ovqatlanish xonalari, zamon talablarga mos ravishda jihozlangan yopiq sport oʻyingohi, sport maydonchasi, tarbiyalanuvchilarda yoʻl harakati qoidasi koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida avtodrom, yozgi sogʻlomlashtirish davrini yana-da maroqli oʻtkazish imkoniyatini beruvchi  suzish havzasi qurilgan. Shu bilan birga bolajonlarni sportga boʻlgan qiziqishlarini inobatga olib, shaxmat yoʻlakchalari barpo qilinib,  bolalar ayvonchalari qayta taʼmirlandi.

Shuningdek, yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida tashkilotda toʻgaraklar uchun alohida bino qurilib, ushbu binoda maktabga tayyorlov guruhlari hamda pullik xizmatni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Maktabgacha taʼlim tashkilotining ochilishi hudud aholisining qolaversa, ota-onalarning quvonchiga sabab boʻlganligini alohida eʼtirof etish joizdir.

Maktabgacha taʼlim vazirligi

Axborot xizmati