Xabar aytilishicha, respublika boʻyicha baʼzi joylarda yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi. Faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyati va Fargʻona vodiysi viloyatlarida yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda. Kunduzi harorat +4…+7 daraja atrofida, shimolda -2 darajagacha boʻladi.

Dam olish kunlari respublika hududiga Turkmanistondan biroz nam va nisbatan iliq havo massalari kirib kelishi kuchayadi, Oʻzbekiston boʻyicha baʼzi joylarda asosan yomgʻir koʻrinishidagi yogʻingarchilik boʻlishi mumkin. Faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyati va Fargʻona vodiysi viloyatlarida yogʻingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi.

Respublika boʻyicha baʼzi joylarga tuman tushishi mumkin. 30-yanvarda respublikaning togʻli hududlarida qor koʻchishi xavfi bor.

Oʻzbekiston hududi boʻyicha harorat foni koʻtariladi, kechalari sovuq chekinadi va 1-fevral kuniga kelib, kechalari +1…+6 daraja atrofida boʻladi, kunduz kunlari +10…+15 darajagacha koʻtariladi.

Toshkent shahrida juma kechga tomon yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻlishi mumkin. Ertalab tuman tushadi. Yoʻllarda baʼzi joylarda yaxmalak kuzatiladi. Sharqiy shamol yoʻnalishini oʻzgartirib, gʻarbdan 3−8 m/s tezlikda esadi. Harorat +3…+5 daraja boʻladi.

Shanba va yakshanba kunlari biroz yomgʻir yogʻishi mumkin. Gʻarbiy shamol yoʻnalishini oʻzgartirib, sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi. Havo harorati 31-yanvarda kechasi −1…+1 daraja, kunduzi +8…+10 daraja, 1-fevralda kechasi +3…+5 daraja, kunduzi +12…+14 daraja boʻladi.