— Oʻquvchilar yakuniy imtihonlardan ozod etilishi mumkinmi?
— Mumkin. Oʻquvchilarga sinfdan sinfga koʻchirish imtihonlari va yakuniy davlat attestatsiyasidan ozod boʻlish huquqini beruvchi kasalliklar roʻyxati Xalq taʼlimi vazirining 2008-yil 4-martdagi 56-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan Nizomda belgilangan.
Shuningdek, xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari hamda boshqa koʻrik-tanlovlardagi ishtiroki maktabdagi imtihon muddatlariga toʻgʻri kelib qolgan taqdirda, ular imtihonlardan ozod etiladi.
— Imtihondan qoniqarsiz baho olgan yoki oʻta olmagan oʻquvchilar sinfdan-sinfga qoldiriladimi?
— Amaldagi Nizomga koʻra, bir yoki ikki fandan oʻtkazilgan yakuniy attestatsiyada qoniqarsiz baho olgan bitiruvchilarga oxirgi yakuniy attestatsiyadan keyin ikki hafta oʻtgach qayta yakuniy attestatsiyadan oʻtish huquqi beriladi.
Yillik baho va yakuniy attestatsiya natijalariga koʻra, umumiy oʻrta taʼlim davlat taʼlim standartlari talablarini bajarmay, “qoniqarsiz” baho olgan bitiruvchilar shu sinfda qayta oʻqishga qoldiriladi.
— Imtihon jarayonida oʻquvchilarga yordamchi vositalardan foydalanishga ruxsat beriladimi?
Bosqichli nazorat imtihoni jarayonida oʻquvchilar tomonidan imtihonni muvaffaqiyatli topshirishga yordamchi vositalardan (xarita, globus, jadvallar, chizmalar, mulyaj, gerbariy, preparatlar, laboratoriya asbob-uskunalari va hokazolardan) foydalanishga ruxsat etiladi.