2023 yil 11 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda joriy yil 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, Prezident saylovida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning 15,6 milliondan ziyodi o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etib, o‘zi munosib deb bilgan nomzodga ovoz berdi.

Majlisda Prezident saylovi yakunlari bo‘yicha bayonnoma tuzildi hamda saylov natijalarini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Jumladan, saylovda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 87,05 foiz ovozi bilan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylangani to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, bayonnomada O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Robaxon Mahmudovaga saylovchilarning 4,43 foizi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatovga 4,02 foizi va O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Abdushukur Hamzayevga 3,74 foizi ovoz bergani aks ettirildi.

Majlisda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.

Bahor Xidirova,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri