Dekabr oyi qish uchun xos boʻlmagan iliq ob-havo bilan boshlanadi. Dekabr oyining birinchi haftasida Oʻzbekiston boʻylab havoning yogʻingarchiliksiz boʻlishi, havo harorati kechasi 2-7, kunduzi 13-18 daraja iliq boʻlishi kutilmoqda. Dekabr oyining bunday quruq va iliq boshlanishi Oʻzbekistonda juda kam uchraydi.

Keyinchalik, dekabr oyining oxirigacha, Oʻzgidromet prognoziga koʻra, havo harorati kechasi 5-8 daraja iliqdan 3-6 daraja sovuqqgacha, kunduzi
15-18 daraja iliqdan 2-5 darajagacha iliq boʻlishi kutilmoqda.       

Oy davomida vaqti-vaqti bilan yogʻingarchiliklar kuzatiladi.

Maʼlumot uchun:

Soʻnggi 50-yildagi eng sovuq yil 1984-yil dekabr oyi boʻlgan. Kechasi havo harorati sovuqning eng yuqori choʻqqisida 18-23 darajagacha, baʼzi joylarda 25-27 darajagacha pasaygan.

Oʻtgan 2022 yilning dekabr oyi  birinchi kunlaridanoq qor yogʻishi va havo haroratining keskin pasayishi bilan oʻzining qishki xarakterini koʻrsatdi. Juda sovuq havo deyarli oyning oʻrtalariga qadar davom etdi. Kechasi bu davrda havo harorati koʻpchilik hududlarda 10-15 darajagacha, shimoliy va choʻl hududlarda 19-24 darajagacha pasaydi. Faqatgina respublika janubida va Fargʻona vodiysida havo unchalik sovuq boʻlmagan, minimal harorat 1-6 daraja sovuq atrofida boʻlgan.

2021-yil dekabr oyi soʻnggi 50-yildagi eng issiq boʻlgan. Respublika boʻyicha oʻrtacha oylik havo harorati meʼyordan 2-4 daraja yuqori boʻlgan. Eng issiq kunlarda havo harorati kunduzi 20-25 darajagacha, janubda
26-28 darajagacha koʻtarilgan.

2021-yil dekabr oyida respublikaning ayrim hududlarida havoning maksimal harorati butun meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori koʻrsatkichlarni taqdim etgan.

 

Toshkentda dekabr oyi uchun mutlaq maksimal havo harorati 1915-yilda kuzatilgan, u 27,3 daraja issiqni tashkil etgan. Dekabr oyi uchun mutlaq minimal havo harorati, yaʼni  29,5 daraja sovuq 1930-yilda qayd etilgan.

Dekabr oyida respublika tekislik hududlarida yogʻingarchilik koʻpincha aralash shaklda tushadi (yomgʻir qorga aylanadi), togʻlarda esa qor qoplamining faol shakllanishi kuzatiladi.

Oʻtgan yili qor koʻrinishidagi yogʻingarchilik respublikaning markaziy tumanlari tekisliklari boʻylab qor qoplamining shakllanishiga olib kelgan va bu qariyb 10 kun davom etgan. Maksimal qor balandligi 7-12 sm, baʼzi joylarda 13-17 sm gacha boʻlgan.Togʻli hududlarda qor qoplamining balandligi 40-90 sm ga yetgan.

Bu yil dekabr oyi qanday boʻladi? Haqiqatan ham qishki ob-havo kuzatiladimi? Yoki Oʻzbekistonda tez-tez kuzatilganidek, dekabr oyida issiq davrlar ob-havosi hukmronlik qiladimi?

Dekabr oyi uchun ob-havo sharoitlarining dastlabki hisob-kitoblariga koʻra, dekabr oyi sovuq boʻlmaydi. Oʻrtacha oylik harorat meʼyordan yuqori, baʼzi hududlarda meʼyor atrofida boʻlishi kutilmoqda.

Shuningdek, havo harorati kechasi 1-6 daraja sovuqqacha, shimolda 8-13 daraja sovuqqacha pasayishi holatlari kuzatiladi. Dekabr oyi uchun bu normal holat, chunki bu qish oyi.

Eng issiq kunlarda havo harorati 15-18 darajagacha, janubda 20-22 darajagacha koʻtariladi.