Yaman: suv toshqini oqibatida 45 kishi hayotdan ko'z yumdi

    Yaman janubi-g'arbidagi Taiz va Al-Hodeyda viloyatlarida yuz bergan suv toshqini oqibatida kamida 45 kishi halok bo'ldi.

    BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi Yaman bo'limining X (oldingi Twitter) ijtimoiy tarmog'iga bergan ma'lumotlariga ko'ra, 2-avgust kuni Taiz viloyatida kuchli yomg'ir yog'ishi suv toshqiniga sabab bo'ldi. Oqibatda kamida 15 kishi hayotdan ko'z yumdi. Shuningdek, infratuzilma, uylar va qishloq xo'jaligi yerlariga zarar yetdi.

    Shuningdek, Yamanning “Ansor Alloh” (husiylar) isyonchi harakatiga tegishli “Al Masirah” telekanali 6-avgust kuni mintaqaga kuchli yomg'ir yog'ishi ta'sir qilgani haqida xabar berdi. Oxirgi suv toshqini oqibatida kamida 30 kishi halok bo'ldi, besh kishi bedarak yo'qoldi. 500 dan ortiq oila o'z uylarini tark etishga majbur bo'ldi, deb xabar beradi tass.ru.