Uchrashuvda viloyatimizda taʼlim sifatini oshirish, Yaponiya tajribasini tadbiq qilish masalalari, hamkorlikda taʼlim loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Oʻtgan kuni boʻlib oʻtgan xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida taqdim etgan murojaatnomasida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov taʼlim sohasidagi ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish borasida alohida toʻxtalib, bolalarni kichikligidan mehnatga, oʻzaro hurmatga, intizomga, odob-axloqqa oʻrgatishga asoslangan yapon taʼlim tizimi bunda ustuvor yoʻnalish ekanini qayd etgandi.
Yaponiyaning Yamanasi shahrida joylashgan “Yamanashi Gakuin” taʼlim majmuasi anʼanaviy yapon madaniyati va qadriyatlariga asoslangan, zamonaviy maktabgacha taʼlim muassasasi, oʻrta maktab, kollej va universitetdan iborat boʻlib, eʼtiborli jihati ushbu taʼlim muassasalari bitta yaxlit kichik shaharchadan iborat. Bolalar bogʻcha yoshidanoq maktab va universitet muhitini his etib borishadi, katta yoshdagilar bilan muloqot qilish hamda fikr almashinish imkoniyatiga ega boʻlishadi. Kattaga hurmat, kichikka izzat kabi qadriyatlar singib boradi, bolalarning ijtimoiylashuvi oson kechadi.
Ushbu kompaniya muassisligidagi Singapurning Alpha DX kompaniyasi tomonidan real va virtual taʼlim kombinatsiyasidan iborat innovatsion oʻquv metodikasi ishlab chiqilgan boʻlib, ushbu raqamli oʻquv platformasi Toshkent va Andijon shaharlaridagi oliy taʼlim muassasalariga tadbiq etish hamda Oʻzbekistonda Asnaro universitetini tashkil etish boʻyicha yaqinda Oliy va oʻrta taʼlim vazirligi hamda Alpha DX oʻrtasida bu borada anglashuv memorandumi imzolangandi.
Bugungi uchrashuvda Fargʻona shahrida Yapon taʼlim tizimiga asoslangan maktabgacha taʼlim muassasasi va umumtaʼlim maktabi tashkil etish, mamlakatimizda rejalashtirayotgan Asnaro universitetini ham ushbu taʼlim majmuasiga joylashtirish loyihasi muhokama qilindi.
Yaponiyaliklar maktabgacha taʼlim muassasasi va umumtaʼlim maktabi loyihasi uchun 10 million dollargacha investitsiya kiritishga tayyor ekanliklarini bildirib, bu loyihani mahalliy hokimiyat bilan davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida yoki viloyat tadbirkorlari bilan hamkorlikda amalga oshirish taklifini ilgari surdilar.
Viloyat hokimi, ushbu loyiha har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishini taʼkidlab, yaponiyaliklar taklifini viloyat tadbirkorlari bilan har tomonlama muhokama qilish hamda xususiy biznesning ishtiroki imkoniyatlari oʻrganish, natijadan kelib chiqqan holda davlat-xususiy sheriklik tamoyilida loyihani amalga oshirish masalasini koʻrib chiqilishini maʼlum qildi.
Tomonlar yangi taʼlim majmuasini Fargʻona shahrida barpo etilayotgan Ekoshahar hududida joylashtirish borasida oʻzaro hamfikr qoldilar.
Yaqin kunlarda ushbu loyihani amalga oshirish boʻyicha kelishuv shartnomasini imzolash boʻyicha kelishib olindi.
Fargʻona viloyat hokimligi axborot xizmati