Yana 1 million doza koronavirusga qarshi vaksina olib kelindi

    Salomatlik 27 Aprel 2021 498

    Hozirgina Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi tomonidan oʻzbekistonlik mutaxassislar hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining yana 1 million dozasi Xitoydan yurtimizga olib kelindi.

    Vaksinaning 1 million dozalik avvalgi partiyasi shu yilning 27-mart kuni keltirilgan edi.

    Shu kungacha yurtimizdagi vaksinatsiya jarayonlari uchun jami 1 660 ming doza vaksina zaxirasidan foydalanilmoqda. Ayni paytgacha emlangan 565 ming nafardan ortiq aholining 46 foizi, yaʼni 263 ming nafardan ortigʻi ZF-UZ-VAC2001 bilan emlangan.

    ZF-UZ-VAC2001 bilan emlanish 65 yosh va undan katta yoshdagi emlanivchilar orasida 148 ming nafardan ortiqni, tibbiyot xodimlari orasida 114 ming nafardan ortiqni tashkil qilgan.

    Kecha, 26-aprel kuni ZF-UZ-VAC 2001 bilan emlangan fuqarolar soni 14 522 nafarni tashkil qilib, ushbu vaksina bilan kunlik emlanish koʻrsatkichi 68 foizga yetgani ham eʼtiborga loyiq.

    Eslatib oʻtamiz, bundan avval yurtimizga “Sputnik V” vaksinasining 2 ta patriyasi keltirilgan edi. Shuningdek, AstraZeneca vaksinasining ham yangi patriyasini keltirish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi

    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi