Qaror bilan 2021-2023-yillarda chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xoʻjaliklarga ular tomonidan qoʻlda gilam toʻqishga ixtisoslashgan hunarmandlar va tashkilotlarga sotilgan “merinos” zotli qoʻy va “angor” zotli echkilarning juni uchun subsidiya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, subsidiya oluvchi yuridik shaxs “merinos” zotli qoʻy va “angor” zotli echki junini hunarmandlar va tashkilotlarga sotgandan soʻng, Chorvachilik tarmogʻini yana-da rivojlantirish faoliyatini samarali tashkil etishni taʼminlash boʻyicha tuman (shahar) komissiyalariga murojaat qiladi.
Ariza tuman komissiyasi tomonidan 3 ish kunida koʻrib chiqiladi hamda subsidiya berish toʻgʻrisidagi xulosa qabul qilingan taqdirda tegishli hujjatlar 1 ish kunida viloyat komissiyasiga yuboriladi.
Viloyat komissiyasi hujjatlarni koʻrib chiqib, 2 ish kunida “Oʻzbekchorvanasl” agentligiga yuboradi.
Agentlik viloyat komissiyasi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi va 2 ish kunida subsidiya oluvchilarning bankdagi hisobvaraqlariga subsidiya mablagʻlarini oʻtkazib beradi.
Arizani koʻrib chiqish uchun toʻlov undirilmaydi.
Nizomga muvofiq, “merinos” zotli qoʻy hamda “angor” zotli echkilardan qirqib olinib, sotilgan har bir kilogramm jun uchun davlat tomonidan 2 000 soʻmdan subsidiya ajratiladi.
Subsidiya ajratishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Ushbu qaror bilan kiritilgan oʻzgartirishlar 2021-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi.