Insayder Fabritsio Romanoning yozishicha, “Al-Fatx” klubi chililik 34 yoshli hujumchiga yillik 10 million yevro maoshli 2 yillik shartnoma taklif qilgan. Saudiyaliklar rasmiy taklifga javobni kutmoqda. Chililik futbolchi taklifni qabul qilmoqchi.

Sanches 2022-yil yozida “Inter”dan erkin agent sifatida Fransiya klubiga oʻtgandi. Uning “Marsel”dagi maoshi 2,5 mln yevroni tashkil etadi. Aleksis qishda “Galatasaroy”ning yillik 4 mln yevro maoshli taklifini rad etgandi.

Bundan oldinroq esa, Karim Benzema Saudiyaning “Al Ittihod” klubiga oʻtgandi.

35 yoshli fransiyalik futbolchi Saudiya Arabistoni klubi bilan 3 yillik shartnoma imzolagan. Futbolchi yangi klubida 200 million yevro maosh oladi. Bunga qadar Benzema 14 yil mobaynida “Real” sharafini himoya qildi.

Jurnalist Rudi Galetti oʻzining Tvitterdagi sahifasiga yarim himoyachi Ngolo Kantening “Al Ittihod” formasidagi suratini yuklaganidan koʻrinadiki, u ham arab ligasiga oʻtishga yaqin. U 1-iyul kuni “Chelsi” bilan shartnomasi yakuniga yetib, erkin agentga aylanishi kutilayotgan futbolchi Saudiya Arabistoni klubi bilan shartnoma imzolab ulgurgani haqida xabar berdi. 

Kelishuv tafsilotlari hozircha maʼlum emas.