Mazkur noyob loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, “Oʻzbekiston Temir yoʻllari” AJ va Toshkent viloyati hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, u Chirchiq shahriga olib kiruvchi 4R12 magistral yoʻli orqali Chirchiq daryosi ustidan oʻtuvchi muhtasham koʻprik inshootini oʻz ichiga oladi.
Yetuk muhandis va loyihachilar tomonidan koʻplab muhokamalar orqali yanada takomillashtirilgan loyiha oʻzining qulay yoʻl oʻtkazgich yechimiga egaligi, unda toʻxtash xududlari, sugʻorish va irrigatsiya tizimlari, tashqi yoritish qurilmalari eʼtiborga olinib, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlariga ham katta ahamiyat berilgani eʼtiborlidir.
Kuni kecha mazkur ulkan qurilish boshlanadigan nuqtada Chirchiq shahar hokimi S.Yusupov boshchiligida “Oʻzbekiston temir yullari” AJ bosh muhandisi Z. Mahamatov, hududiy sektor rahbarlari, mahalliy kengash deputatlari hamda faollar yigʻildilar. Xayrli udumga koʻra, Qurʼon tilovat qilinib, qurilishga “oq yoʻl” tilandi va bu muazzam inshoot xalqimizga uzoq yillar manfaatli xizmat qilsin, deya duoga qoʻl ochildi.