...Manzil sari yaqinlashganimiz sayin suhbatimiz qizib borardi. Keng dalalar, yam-yashil tusga kira boshlagan tabiatni aytmaysizmi. Oʻzida bahorning butun tarovatini mujassam etgan Forish togʻlari qadim tarix, asrlar silsilasidan soʻzlardi goʻyo.
– Forishga qadamimiz qutlugʻ keldi. Obi rahmat yogʻmoqda. Forishning tanti, mehnatkash xalqi uchun xozirgi daqiqalarda bundan zoʻr tuhfa yoʻq, – deya gap boshladi hamrohlarimizdan biri – “Xalq soʻzi” gazetasi Bosh muharrir oʻrinbosari Shuhrat Jabborov. – Ana bu togʻlar qoʻynida oʻtlab yurgan qoʻy-qoʻzilarni koʻrayapsizmi, agar mana shu yomgʻir boʻlmasa ularga yemish qayda. Baribir yam-yashil dalalarga nima yetsin-a? Mana, Saʼdullajon qayerdan ilhom olgan, manbayi qayerda, siri nimada?
Shu kabi gangur-gungur bilan Forish markaziga qanday yetib kelganimizni ham bilmay qoldik. Bu yerdagi madaniyat uyida Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va uning viloyat boʻlimi tashabbusi bilan Jizzax viloyati, Forish tumani, tuman xalq taʼlimi boʻlimi hamkorligida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, taniqli jurnalist va shoir Saʼdulla Hakimov tavalludining 70 yilligiga bagʻishlangan “Vatandan yaralgan - vatandan ketmas!” mavzuida adabiy-badiiy xotira kechasi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda S. Hakimov bilan bir ishlagan doʻstlari, shogirdlari, taniqli jurnalistlar, shoir-yozuvchilar, Jizzax viloyati va Forish tumani hokimliklari masʼullari, shoirning oila aʼzolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Kechani Forish tumani hokimi I.Matiyev kirish soʻzi bilan ochar ekan, mehmonlarni qadim va navqiron Forishda koʻrib turganidan maʼmnunligi, taniqli shoirning xotirasi nafaqat respublikada, balki ushbu tuman, u tugʻilib oʻsgan Garasha xalqi yodida ham uzoq yillar saqlanishi, shoirdan qolgan turkum sheʼrlar, kitoblar esa yosh avlod tomonidan sevib mutolaa qilinishi boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shundan soʻng soʻz olgan Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi oʻrinbosari X. Salimov, “Xalq soʻzi” gazetasi bosh muharriri oʻrinbosari Sh. Jabborov, shoirning rafiqasi, farzandlari, shogirdlari, hamqishloqlari shoir bilan bogʻliq xotiralari bilan oʻrtoqlashdi.
–Oʻtgan ogʻir yil turmush oʻrtogʻim shoir Saʼdulla Hakimni olib ketdi. Kutilmaganda, qoʻqqisdan bir zarb bilan yiqitilgan chinordek qulatdi… Shunday, u kishi hayotining oxirgi kunlarida ham ijod qilishdan, shogirdlariga maslahat berishdan, doʻstlarini ruhlantirishdan toʻxtamadi. Biz bu inson bilan ellik yil birga umrguzaronlik qildik, besh farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdik, qanchadan-qancha orzu-havaslarimiz ushaldi, – deydi shoirning rafiqasi, joriy yilda davlatimiz rahbari tomonidan “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlangan Saltanat Hakimova. –Saʼdulla aka umrlarining soʻnggi yillarida yurtimiz ravnaqidan, ijodkorlar va jurnalistlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan nihoyatda ruhlanib, yuz berayotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga shogirdlarini kamarbasta boʻlishga daʼvat qilib yashadi. U kishi yurtning orini, nomusini yuksak tutar, soʻzning kuchini va ijodkor masʼuliyatini chuqur anglar edi. Qolaversa, jurnalist sifatida ham sohaning barcha mashaqqatlarini totib koʻrgan, kasbining fidoyisi boʻlgan insonlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlar, qadrlar edi.
Haq gap. Xalqimizning ardoqli farzandi Saʼdulla Hakimov ham beqiyos isteʼdodi, jurnalistik salohiyati, davlat va jamoat hayotidagi rahbarlik faoliyati bilan umri bardavom ijodkorga aylangan edi. Garchand bugun ular oramizda boʻlmasada, ulardan qolgan ijodiy meʼros, turkum maqolalar, koʻplab kitoblar biz bilan yashamoqda. Demak, shoir ham oʻtli nafasi bilan yonimizda.
Tadbirda forishlik yoshlar S. Hakimov qalamiga mansub sheʼrlardan namunalar oʻqigan boʻlsa, jizzaxlik sanʼatkorlar shoir sheʼrlari asosida yaratilgan qoʻshiqlardan kuyladi.
Taniqli jurnalist va shoir, mehribon ustoz, samimiy va kamtar inson Saʼdulla Hakimovning yorqin xotirasi qalblarda mangu yashaydi.
Islom ASILBEKOV,
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mutaxassisi.