“Yandeks” Oʻzbekiston byudjediga 10 oyda 125 milliard soʻm mablagʻ oʻtkazdi

    Soliq qoʻmitasi raisi Sherzod Kudbiyev “Yandeks”ning global bosh direktori Daniil Shuleyko bilan uchrashdi.

    Tomonlar taksi agregatorlari orqali yoʻlovchi tashish sohasida muvaffaqiyatli fiskalizatsiya boʻyicha fikr almashishdi.

    Soliq maʼmurchiligida shaffof mexanizmlar kutilayotgan tushum koʻrsatkichlarini sezilarli darajada oshirdi. Dastlab yillik soliq tushumlari miqdori 100 milliard soʻmni tashkil etishi rejalashtirilgan edi, ammo haqiqatda 10 oyda 125 milliard soʻm byudjetga tushumlar taʼminlandi.

    Qoʻmita xabarida taʼkidlanishicha, bu natijalar kompaniya bilan hamkorlikdagi ishlarning samaradorligini va yoʻlovchilarni tashish sohasida shaffof soliqqa tortishning ahamiyatini tasdiqlaydi.

    Xizmat koʻrsatish sohasida shaffoflikni taʼminlash orqali faoliyat turlarini legallashtirish yoʻlida hamkorlik davom ettiriladi, deyiladi xabarda.