Yangi – Angren IESda chaqnash sodir boʻldi

    Xavfsizlik 20 Yanvar 2021 852

    Bugun soat 11:42da Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasining profilaktika choralarini koʻrish uchun toʻxtatilgan 5-energiya blokida chang-koʻmirli havo aralashmasining chaqnashi sodir boʻldi, deya xabar bermoqda FVV.

    Rejali xizmat koʻrsatish paytida sodir boʻlgan hodisa natijasida uch kishi olingan jarohat sababli vafot etgan, yana uch kishi turli darajada kuyish tan jarohatini olgan. Vafot etgan va jarohat olganlar 5-energiya blokida profilaktika ishlarini olib borayotgan xizmat koʻrsatish xodimlari boʻlgan.

    Favqulodda vaziyatlar vazirligining kuch va vositalari voqea joyida vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlarini olib bormoqda. Chaqnashning kelib chiqish sabablari boʻyicha surishtiruv ishlari boshlangan.

    Hodisa natijasida Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasining infratuzilmasi va texnologik uskunalariga shikast yetmagan.

    Qoʻshimcha maʼlumot kelib tushishi bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiy veb-resurslari orqali maʼlumotlar eʼlon qilinadi.