Shu kunlarda hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini oʻz vaqtida yakuniga yetkazish boʻyicha koʻlamli amaliy ishlar olib borilmoqda.

Xususan, Nurafshon shahri markazida joylashgan “Amfiteatr” binosini qayta taʼmirlash va atrofini yashil maydonga aylantirish borasidagi ishlar qizgʻin bosqichga kirdi. Mazkur jarayonlarni keng jamoatchilik, hududga kelib ketuvchilar kuzatib borayapti.

Bugun Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi viloyat sektor rahbarlari va tegishli masʼullar bu manzilda olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish jarayonlarini yana bir bor koʻzdan kechirishdi.

Zoyir Mirzayev bu yerda yuzaga qalqib chiqayotgan kamchiliklar yuzasidan masʼullarga topshiriq va koʻrsatmalar berdi.

— Aslida bu yerda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarni qisqa muddatda tugatish kerak edi. Afsuski, jarayonlar bilan qayta tanishib, shunga amin boʻldimki, oddiy narsalarda ham kamchiliklar kuzatilayapti. Odamlarning didi, ularning talabi avvalgidan ancha oʻzgargan. Archa ekish bilan ish bitmaydi. Yoʻlak boʻylab kashtan, beryoza, lola daraxtlilarini ekishimiz kerak. Ayniqsa, lola daraxtining atrof-muhit musaffoligini taʼminlashda, odamlarning bahru dilini ochib, salomatligini mustahkamlashda foydali tomonlari juda koʻp, — dedi jumladan Zoyir Mirzayev.

Viloyat rahbari bu yerda olib borilayotgan ishlar Yangi yil shukuhi va zavqiga hamohang boʻlishi lozimligini ham alohida qayd etdi va “Amfiteatr” atrofida tashkil etilgan bogʻda manzarali daraxt koʻchatlarini ekish jarayonida ham ishtirok etdi.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri