Yangi davrda Yangi Oʻzbekiston yanada yuksak taraqqiyot choʻqqilarini zabt etadi

    Davlatimiz rahbari yangi davr Yangi Oʻzbekistonimiz jadal rivojlanadigan, yanada yuksak taraqqiyot choʻqqilarini zabt etadigan davr boʻlishiga ishonch bildirdi.

    “Bu davr parlament va Hukumat faoliyatida yangicha ishlash, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish boʻyicha ibratli anʼanalar shakllanadigan va tarixga muhrlanadigan davr boʻladi. Kelajak avlodlar albatta faxr bilan tilga oladigan ana shunday buyuk tarix va kelajakni yaratish bizning oʻz qoʻlimizda”, — dedi Prezident.

    Prezident keyingi uch kun mobaynida Oliy Majlis aʼzolari, keng jamoatchilik bilan mamlakatimizning bugungi va ertangi taraqqiyoti haqida atroflicha fikr almashilganiga eʼtibor qaratdi.

    “2024-yilda – “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da bajargan ishlarimizga yakun yasadik. Parlamentimizda – “Xalq uyi”da deputatlar bilan muhokama qilingan barcha tashabbus va rejalarni, ularda ilgari surilgan gʻoya, maqsad va vazifalarni, mohiyat eʼtiboriga koʻra, Oliy Majlis va xalqimizga navbatdagi Murojaatnoma desam, oʻylaymanki, sizlar ham bu fikrga qoʻshilasiz.
    Siz, hurmatli deputatlar va Hukumatimiz aʼzolari, kattayu kichik barcha rahbarlar mana shu Murojaatnomada belgilab berilgan ulkan vazifalarni amalga oshirishda fidoyilik va namuna koʻrsatib mehnat qilasizlar, deb ishonaman”, — dedi Prezident soʻzining yakunida.