Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda senatorlar, deputatlar, Fargʻona viloyati hokimligi, vazirlik va idoralar masʼul xodimlari, Oʻzbekiston va Tojikiston kasaba uyushmalari delegatsiyasi, Qirgʻizistonning Botken viloyatidan mehmonlar, ziyolilar, ustoz-murabbiylar, taniqli ijodkorlar, ota-onalar, ularning farzandlari, nuroniylar, mahalla faollaridan iborat keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Oʻzbekistondagi islohot va yangilanishlar, eng avvalo, inson manfaatlarini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatli ekani eʼtirof etildi. Soʻx tumani aholisi, xususan, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar, ehtiyojmand oilalarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, turli millat vakillari oʻrtasidagi doʻstona aloqalarning yanada mustahkamlanishi yoʻlidagi saʼy-harakatlar haqida soʻz bordi.
— Davlatimiz rahbarining yuksak eʼtibori bilan oʻtgan besh yilda Soʻxda ulkan tarixiy yangilanishlar amalga oshirildi, — dedi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov. — Prezidentimizning 2020-yil 8-avgustdagi “2020-2021-yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi natijasi boʻlmish mana bu oʻzgarishlar fikrimizning yorqin dalilidir. Bundan atigi besh-olti yil ilgari Soʻxga viloyat markazidan aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilishi, soʻxlik yoshlar oliy taʼlim olishi uchun maxsus grantlar ajratilishi, ularga turli imtiyozlar berilishiga hech kim ishonmasdi. Bularning barchasi Prezidentimizning oʻz xalqiga, xususan, soʻxliklarga qaynoq mehri va gʻamxoʻrligining yorqin ifodasidir. Bugun foydalanishga topshirilgan “Soʻx” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi ham davlatimiz rahbari tashabbusi va eʼtibori mahsuli, Soʻx xalqiga ajoyib tuhfasi.
Umumiy maydoni qariyb 5 gektar boʻlgan oromgoh 200 oʻringa moʻljallangan. Bu maskanda yozgi mavsumda jami 1000 nafar bolani sogʻlomlashtirish moʻljallangan. Oʻgʻil-qizlar miriqib hordiq chiqarishi, jismonan chiniqib, salomatligini mustahkamlashi, bilimini oshirishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Oʻzbek va jahon adabiyoti durdonalari bilan boyitilgan axborot-resurs, madaniyat va maʼrifat markazlari, tibbiyot va toʻgarak xonalari, tadbirlar maydoni, amfiteatr, zamonaviy suzish havzasi, sport maydonchalari, shiyponlar bolalar ixtiyoriga topshirildi. Shuningdek, dam olish maskanida ota-onalar uchun shinam suhbat ayvonchalari ham barpo etildi.
Oromgoh qurilishiga 27 milliard 560 million soʻm yoʻnaltirilganining oʻziyoq mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga koʻtarilgani dalilidir.
Shu kuni soʻxlik 200 oʻgʻil-qiz oromgohning ilk mehmoni sifatida dam olishni boshladi. Ular koʻz oʻngida oromgoh uchun “Damas” avtomashinasi topshirildi.
Bugun har tomonlama rivojlangan avlodni tarbiyalash yoʻlidagi Oʻzbekiston tajribasi xalqaro ekspertlar va nufuzli tashkilotlar eʼtiborini tortmoqda. Zero, davlat va jamoat tashkilotlari saʼy-harakati hamda imkoniyatlarini bolalarni sifatli dam oldirish va sogʻlomlashtirishni taʼminlashga ijtimoiy sheriklik asosida yoʻnaltirish amaliyoti Oʻzbekistonda yaratilgan noyob tizimlardan biridir.
Bu ishlarga Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi ham munosib hissa qoʻshmoqda. Xususan, oxirgi besh yilda davlatimiz rahbari tashabbusi asosida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan 8 ta zamonaviy bolalar oromgohi qurilib, foydalanishga topshirildi. Natijada har yili qoʻshimcha 9 ming bolani sogʻlomlashtirish imkoniyati yaratildi.
* * *
“Soʻx” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohining tantanali ochilish marosimi Xotin-qizlar muammolarini tizimli hal etish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha respublika komissiyasi tomonidan Soʻx tumanidagi 27 ta mahalla, Fargʻona tumanidagi “Shohimardon” va “Yordon” mahallalari hamda Rishton tumani “Chungʻara” mahallasidagi masʼullar oʻrtasida tashkil etilgan “Eng yaxshi mahalla raisi”, “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi”, “Eng yaxshi hokim yordamchisi” tanlovlarining tuman miqyosidagi gʻoliblarini taqdirlash tadbiriga ulanib ketdi.
Mazkur tanlovlar aholi muammolarini “xonadonbay” va “fuqarobay” oʻrganish va ularni hal etishga koʻmaklashish, “Ayollar daftari” tizimi samaradorligini taʼminlash hamda xotin-qizlar muammolarini hal etishda oʻzining fidokorona mehnati bilan barchaga namuna koʻrsatgan masʼullarni munosib ragʻbatlantirish maqsadida oʻtkazildi.
Tanlovning har bir yoʻnalishida 3-oʻrinni qoʻlga kiritgan gʻoliblar diplom va 20 million soʻmdan pul mukofoti, 2-oʻrinni egallaganlar diplom va 30 million soʻmdan pul mukofoti, 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan gʻoliblarning har biriga diplom va Prezident sovgʻasi — avtomobillar tantanali ravishda topshirildi.
* * *
Shu kuni Soʻx tumanidagi markaziy sport maydonida tuman aholisi uchun madaniy-maʼrifiy tadbir ham tashkil etildi.
Yozuvchi-shoirlar, taniqli sanʼatkorlar ishtirokidagi adabiy-badiiy dastur ishtirokchilarga xushkayfiyat ulashdi. El kayvonilari dorilamon kunlar uchun shukronalar aytib, duo qildi. Yurt ravnaqi yoʻlida xizmatga shaylangan yoshlar qalbida zavq-shavq, zoʻr gʻayrat joʻsh urdi.
Muhabbat Oʻrmonbekova,
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari.