Senatning oʻttiz beshinchi yalpi majlisida Toshkent viloyati va Toshkent shahrida yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda aholi bandligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar boʻyicha oʻtkazilgan oʻrganish natijalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, “mahallabay” ishlash tizimi va hokim yordamchilari institutining joriy etilishi, hududlardagi muammolarning imkon qadar tezroq bartaraf etilishi, aholi muammolari tizimli oʻrganilishi, dolzarb masalalarning oʻz vaqtida toʻliq hal etilishiga zamin yaratyapti.

Xususan, hokim yordamchilari tavsiyalari asosida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 306 mingta loyihaga 7,2 trillion soʻm imtiyozli kredit, 17,3 mingga yaqin fuqaroga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va tomorqa xoʻjaligida band boʻlish maqsadida 84,4 milliard soʻm subsidiya mablagʻlari ajratilgan. 326,5 ming kishi boʻsh (vakant) ish oʻrinlariga joylashtirilgan va 112 mingga yaqin fuqaro kasb-hunarga, tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitilgan.

Muhokamalar jarayonida hududiy dasturlar doirasida Toshkent viloyatida 431 ta va Toshkent shahrida 128 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilgani, buning natijasida 14,5 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratilgani taʼkidlab oʻtildi. Toshkent viloyatida 49,9 ming va Toshkent shahrida 46,1 ming fuqaro 70 dan ortiq faoliyat yoʻnalishida oʻzini oʻzi band qilgan.

Senat aʼzolari aholi bandligini taʼminlash borasidagi ijobiy ishlar bilan bir qatorda ayrim kamchilik va muammolarning mavjudligiga, jumladan baʼzi tuman (shahar)larda yillik bandlik dasturi ijrosi orqada qolayotganiga, tegishli ishlarni muvofiqlashtirib boruvchi shtablarning faoliyati samarali tashkil etilmaganiga eʼtibor qaratdi.

Taʼkidlanganidek, ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi umumiy hisobotni shakllantirishda koʻrsatkichlarning davlat soliq organlari va “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi maʼlumotlari bazasiga muvofiqligi toʻliq taʼminlanmagan.

Shuningdek, “Usta-shogird” anʼanalari asosida yoshlarga kasb-hunar oʻrgatayotgan hunarmandlarga shogirdlar tayyorlash, zarur xomashyo sotib olish va shogirdlarni ish haqi bilan taʼminlash maqsadida aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasidan subsidiya mablagʻlarini ajratish tizimli yoʻlga qoʻyilishi zarurligi, shuningdek, Toshkent viloyatida yer uchastkalarini “e-auksion.uz” elektron savdo platformasiga joylashtirishni yanada samarali tashkil etish lozimligi koʻrsatib oʻtildi.

Ayniqsa, shahar va tuman Kengashlarida xalq deputatlari yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi bandligini taʼminlash ishlarini tizimli ravishda har oy natijalari boʻyicha muhokama etish va tegishli choralar koʻrish boʻyicha taʼsirchan mexanizmlarni ishlab chiqishi zarurligi taʼkidlandi.

Senatorlar tomonidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi bandligini taʼminlash masalalarini mahallabay ishlash tizimi asosida oʻrganish va sessiyalarda tanqidiy muhokama qilish, ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyilgan (kvota) ish oʻrinlaridan samarali foydalanish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Muhokamalarda urgʻu berilgan masalalar yechimiga oid takliflar Senatning qabul qilingan qarorida oʻz aksini topdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.