— Bir haqiqatni aniq tushunib olish zarur. Inflyatsiyani jilovlash va valyuta barqarorligini taʼminlash eksport bilan chambarchas bogʻliq. Qanchalik koʻp mahsulot ishlab chiqarmaylik, eksport uchun kerakli shart-sharoitni yaratmasak, oʻzgarish boʻlmaydi. Shuning uchun, qanday tashabbus boʻlsa, barchasini eshitishga tayyorman, - dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqot qilib, ularning fikr-mulohazalari va takliflarini eshitdi.
Muloqotda eksportni anʼanaviy bozorlardan yuqori narxda mahsulot sotib oluvchi davlatlarga yoʻnaltirish zarurligi taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari bu fikrni qoʻllab-quvvatlab, bunday bozorlar bilan ishlashni kuchaytirish muhimligini qayd etdi. Jumladan, Yaponiyada savdo uyini akkreditatsiya qilish va ijara toʻlovining kompensatsiya masalasini hal qilish topshirildi. Germaniya, Vengriya, Polsha, Ispaniya, AQSH va Qozogʻistondagi savdo uylari ham tadbirkorlar boshqaruviga beriladi.
Bundan tashqari, eksport uchun yangi istiqbolli bozorlar boʻlgan Mersin (Turkiya), Rotterdam (Niderland), Sindao (Xitoy), Klaypeda (Litva), Doha (Qatar) kabi yirik port shaharlarda savdo uylarini ochish zarurligi qayd etildi.