Janubiy Koreyada yangi mashinalar xaridi boʻyicha buyurtmalarni bajarish 1,5 yilga choʻzilib ketdi. Bu haqda “The Korea Times” gazetasi yozdi. Janubiy Koreyada buyurtma olinib, yetkazib berilmagan yangi mashinalar taqchilligi (soni) 1 milliontaga yetdi, sababi — butlovchi qismlar yetkazishdagi uzilishlar va zavodlarning (asosan Hyundai va KIA) toʻxtab qolgan. Mamlakatda 2021-yil boshida yangi mashinalar taqchilligi 100 mingta atrofida edi.
Urush hududiga aylangan Ukrainadan Koreyaga avtomobillar simlari qoplamalari kelishi toʻxtab qoldi, ayni shu sababli Yevropadagi ayrim avtomobilsozlar ham jabr koʻrdi. Xitoyda davom etayotgan lokdaunlarga qoʻshilib, Janubiy Koreyaga atalgan ayrim butlovchi qismlarning yoʻllari ham yopildi.
Hyundai Motor va KIA 2021-yilda jahon bozorida 6,66 mln. dona avtomobil sotgandi, ichki bozordagi bu ahvol bilan joriy yilgi 7,47 millionta mashina sotish rejasi chippakka chiqadigan koʻrinadi.
Mart oyida KIA 26 mingta kam avtomobil ishlab chiqardi. Shundan 19 mingtasi Osiyo chiplari, 7 mingtasi simlarga qoplamalar yoʻqligidan chala qoldi. Koreys kompaniyasining AQSH, Meksika, Slovakiya va Hindistondagi zavodlari ham butlovchi qismlar yetishmasligi vajidan 14 mingta kam avtomobil chiqardi.
Global dunyo degani shu: Ukrainadagi urush, Xitoydagi pandemiyaning Janubiy Koreyadagi avtozavodlarga taʼsiri oʻzbek avtohavaskorlarining choʻntaklarida ham aks-sado berdi — KIA va Hyundai mamlakatimizda sotayotgan mashinalarining narxlarini oshirishga kirishdi.