Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Farmonga koʻra, 2024-yil 1-sentyabrdan kirish turizmi faoliyatini amalga oshiruvchi rezident boʻlgan turoperatorlarni xorijiy mamlakatlardan respublikaga turistlarni olib kelishda aylanma mablagʻ bilan taʼminlash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan respublika tijorat banklari orqali milliy valyutada yillik 14 foiz stavkada kredit liniyasi ochiladi.
Shuningdek, Oʻzbekistonning turizm mahsulotini xalqaro va ichki turizm bozorlarida targʻib qilish, sayohat va dam olish uchun xavfsiz mamlakat sifatidagi imijini yanada mustahkamlashga qaratilgan yangi milliy turizm brendi (tanitish belgisi) yaratiladi.
Turizm qoʻmitasi:
2024-yil 1-oktyabrgacha yangi milliy turizm brendini yaratish uchun tanlov oʻtkazadi;
2024-yil Xalqaro turizm kuni doirasida birinchi global sayyohlik mediakampusini tashkil qiladi;
2024–2025-yillarda auditoriyasi 10 milliondan ortiq boʻlgan 50 nafargacha xorijiy jurnalist, bloger, vloger va inflyuyenserlarni jalb qiladi.
2025-yil 1-yanvardan kamida 100 nafar xorijiy ishtirokchisi boʻlgan 3 kundan kam boʻlmagan biznes tadbirlarni Oʻzbekiston hududida tashkil qilgan tadbirkorlar 2028-yil 1-yanvargacha ushbu biznes tadbirlarni tashkil qilishdan olingan daromaddan olingan foyda soligʻini ushbu soliq boʻyicha belgilangan soliq stavkasiga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi.