Yangi oʻquv yilidan ingliz tili hamda informatika fani Kembrij darsliklari va metodikasi boʻyicha oʻqitiladi

    Ta'lim 6 May 2022 2878

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Respublika taʼlim markazi axborot xizmati rahbari Mohira Nurullayeva maʼlum qildi.

    Maʼlum qilinishicha, 2021/2022 oʻquv yili uchun 1-, 2-sinflarda 154 nafar mualliflar ishtirokida 326 nomda zamonaviy oʻquv-metodik adabiyotlar yaratildi. Ilk marotaba barcha fanlar uchun oʻqituvchi kitobi, boshlangʻich sinflarda mashq daftari va mobil ilovalar tayyorlanmoqda.

    Joriy yilda darsliklarni yaratishga 605 milliard soʻm ajratilgan boʻlib, ushbu mablagʻlar yangi oʻquv yilida 3-, 6-, 7-, 11-sinflarda barcha darsliklarni yangilashga, jami 422 nomda oʻquv adabiyotlarini tayyorlashga safarbar qilinadi.

    Shuningdek, davlat rahbarining tashabbusi bilan Oʻzbekiston maktab taʼlimida ilk marotaba xorijdan eng yaxshi oʻquv adabiyotlarni maktablar uchun adaptatsiya qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Yangi oʻquv yilidan boshlab 1-11 sinflarda ingliz tili hamda 5-11 sinflarda Informatika fani Kembrij darsliklari va metodikasi boʻyicha oʻqitiladi. USAID xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyiha doirasida jami 46 nomdagi oʻquv adabiyotlari Oʻzbekistonga moslashtirildi, tarjima qilindi hamda tajriba-sinovdan oʻtkazildi.

    Shuningdek, milliy sinflar uchun 2-11 sinf rus tili darsliklari hamda oʻqituvchi kitobi, mashq daftarlari, jami 20 nomdagi adabiyotlarning original maket loyihasi Gertsen Rossiya davlat pedagogika universiteti bilan tayyorlandi. Shuningdek, nemis tili oʻqitiladigan sinflarda joriy yilda Germaniyaning “Klett» nashriyotining 28 nomdagi Nemis tili darsliklari amaliyotga kiritiladi. Shuningdek, bugungi kunda Fransiya bilan ham fransuz tilini oʻrgatuvchi eng ilgʻor darslik majmualarini olib kelish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.

    Yangi oʻquv yili uchun oʻquv-majmualarni tayyorlashga jami 235 nafar muallif jalb etilgan boʻlib, mualliflar jamoasining 133 nafari, yaʼni 56 % ini amaliyotchi oʻqituvchilar tashkil qiladi. Bu esa ilmiy hamda amaliy asosga ega oʻquv dasturlari, dasturi asosida oʻquvchi yoshiga mos, amaliyot bilan bogʻlangan darsliklar yaratish imkonini bermoqda.

    2022-2023-oʻquv yili uchun umumtaʼlim maktablariga joriy etiladigan 422 nomdagi oʻquv-majmuasining 249 tasi darslik, 26 tasi mashq daftari, 147 tasi oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanmalar sanaladi.

    Darsliklar shakl va mazmun jihatidan butunlay oʻzgargan va bu oʻzgarishlarda xalqaro miqyosda tan olingan rivojlangan davlatlar darsliklarining yutuqlari va XXI asr mehnat bozori uchun egallanishi zarur boʻlgan koʻnikmalarni inobatga olingan. Eng muhimi, maktablarimizga yangi darsliklar orqali yangi metodika – oʻqitish yondashuvi kirib bormoqda. U jamiyatdagi ayni paytdagi oʻzgarishlar, mehnat bozori, oʻquvchining qiziqishlari, kognitiv rivojlanishini hisobga olgani bilan oʻziga xosdir.

    Masalan, Tarix darsliklarida formatsion yondashuvdan sivilizatsion yondashuvga oʻtildi. Natijada, oʻquvchi “nima? qachon? qayerda?” savollaridan koʻra, “nega? qanday qilib? nima sababdan?” kabi savollar atrofida mushohada qiladi. Matematikada esa arifmetik amallardan koʻra, oʻquvchida mantiqiy tafakkurni rivojlantirish metodikasiga oʻtilmoqda. Natijada, oʻquvchi olgan bilimlarini hayotiy vaziyatlar bilan bogʻlay oladi.

    Ona tili va oʻqish savodxonligida muloqot koʻnikmalarini rivojlantirish maqsad qilindi, yaʼni aksariyat grammatik mavzular oʻrnini hayotimizda koʻp uchraydigan nutqiy vaziyatlar uchun zarur bilim va koʻnikmalarni oʻqitish amaliyoti egallamoqda. Tasviriy sanʼat darsliklari bilan esa endi oʻquvchilar kompyuter grafikasida ishlashni oʻrganadilar. Ular Informatika fanida ham olgan bilimlarni uygʻunlashtirgan holda, maktab partasidayoq raqamli sanʼat yaratish koʻnikmasini egallaydi.

    Tabiiy fanlar, Biologiya, Kimyo, Fizika fanlarida Laboratoriya, Kuzatuv, Muammoga yechim topish, Loyihalarni amalga oshirish, Namoyish qilish kabi oʻquvchida tadqiqotchilik, olimlik xususiyatlarini rivojlantiruvchi metodikalar joriy qilinmoqda.

    Qardosh tilda taʼlim oluvchi sinflarning Adabiyot fani dasturlarida oʻzbek adabiyoti vakillarini oʻrganish ulushi 40 foizgacha oshdi. Misol uchun, “Literatura” fani uchun oʻquv dasturiga hamda darsligiga ilk bor oʻzbek yozuvchilarining asarlari kiritildi. 6,-7,- hamda 10-sinflar uchun tayyorlangan yangi darslik 40% oʻzbek, 40% rus va 20 % jahon adabiyoti namunalari va asarlaridan tashkil topdi. Endi “Literatura” fanida rus adiblari bilan birgalikda Alisher Navoiy, Abdulla Qahhor, Gʻafur Gʻulom, Oʻtkir Hoshimov, Odil Yoqubov kabi oʻzbek adabiyotining mashhur vakillarining asarlari oʻqitiladi.

    Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, hukumatimiz qoʻllab-quvvatlashi bilan bugun Xalq taʼlimi tizimida taʼlim mazmunida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar, yaratilayotgan zamonaviy dastur va darsliklar keyingi 10 yillikda hayotiy koʻnikmalar, mehnat bozori talablari asosida ulgʻaygan, hayotga tayyor oʻquvchi yoshlarning voyaga yetishiga xizmat qiladi.