2016-yilda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunida yoshlarga oid daavlat siyosati yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish va ularning intellektual, ijodiy va boshqa yoʻnalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun sharoitlar yaratishga xizmat qilishi alohida taʼkidlanib, amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar qonun bilan mustahkamlandi.
Mazkur qonunda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan isloh etish, yoshlar sohasidagi muammolarga samarali yechimlar ishlab chiqish, vakolatli organlar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamda Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi. Bundan tashqari, Oliy Majlis Senatida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari boʻyicha komissiya, Oliy Majlis palatalari huzurida “Yoshlar parlamenti” tashkil qilindi. Shu bilan birga Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida Yoshlar akademiyasi tashkil etildi. Hududlarda “Loyihalar fabrikasi” ish boshladi.
Mazkur ishlar natijasida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashkil topgandan buyon 841 147 nafar yoshning bandligi taʼminlandi. 2021-yilning birinchi yarmida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 78 140 nafar yosh ishga joylashtirilgan boʻlib, 5 684 nafar yoshga subsidiyalar ajratildi, ijtimoiy himoyaga muhtoj 127 nafar talabaning 350 million soʻmlik toʻlov shartnoma mablagʻlari toʻlab berildi.
Yoshlarni ish bilan taʼminlash, ularning tashabusini moliyalashtirish maqsadida 2018-yildan boshlab hududlarda 25 ta “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi va 157 ta “Yoshlar mehnat guzari” kompleksi faoliyat boshladi. “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi doirasida respublikaning tuman va shaharlarida amalga oshiriladigan tadbirlarni moliyalashtirish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusni targʻib qilish va roʻyobga chiqarish muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur gʻoyani amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi qoshida “5 tashabbus loyiha ofisi” faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Tegishli loyihalar, jumladan, “Sport karvoni”, “Bir million dasturchi”, “Eng yaxshi kitobxon oila” kabi loyihalar amalga oshirilmoqda.
Turli sohalarda samarali faoliyat yuritayotgan, yuqori natijalarga erishib, tengdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan yigit-qizlarni ragʻbatlantirish maqsadida “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti va “Kelajak bunyodkori” medali taʼsis etildi. Oʻtgan vaqt davomida 113 nafar yosh “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan, 75 nafari esa “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlandi.
Taʼlim-tarbiya sohasida ham soʻnggi yillarda ulkan oʻzgarishlar roʻy berdi. Tizim tubdan isloh qilindi. Mazkur sohada yoshlar manfaatlarini koʻzlab koʻplab oʻzgarishlar amalga oshirildi.
Birinchidan, maktabgacha taʼlim muassasalari va umumtaʼlim maktablari faoliyati tubdan yangilandi. Oʻtgan besh yil davomida kichik yoshdagi bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi ikki barobar ortib, 60 foizga yetdi. Bugungi kunda bogʻchalar soni 14 mingdan oshdi. Dars sifatini oshirish maqsadida boshqa tumandagi olis maktabga borib, dars beradigan yosh oʻqituvchilar oyligiga ustama haq toʻlash tizimi joriy etildi.
Bundan tashqari, yoshlarning chuqur bilim olishini taʼminlash maqsadida oʻtgan yillarda 98 ta ixtisoslashgan maktab tashkil etildi. Har bir hududda Prezident maktablarining tashkil etilishi ham iqtidorli va barkamol yoshlarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Ikkinchidan, yoshlarning oliy taʼlimga qamrovi oshirildi. 2016-yilda mamlakatimizda 65 ta oliy taʼlim tashkiloti faoliyat yuritgan boʻlsa, 2021-yilda respublikadagi jami oliy taʼlim tashkilotlari soni ikki barobardan koʻproqqa ortib, 127 taga yetdi.
2016/2017 oʻquv yilida oʻqishga qabul qilish parametrlari 57 907 nafarni tashkil etgan boʻlsa, 2021/2022 oʻquv yilida qabul parametrlari qariyb uch barobar oshirilib, 157 755 ni tashkil etadi. Xususan, davlat granti asosida oʻqishga qabul qilish parametrlari ham 1,5 barobar oshirildi.
Uchinchidan, taʼlim tizimidagi davlat siyosati takomillashtirildi. Taʼlim sohasini tubdan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida yangi tahrirdagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur qonun bilan yoshlarning uzluksiz taʼlim olishini taʼminlash maqsadida kunduzgi taʼlim shakli bilan bir qatorda sirtqi, kechki va masofaviy taʼlim shakllari joriy etildi. Dual taʼlim yoʻlga qoʻyildi.
Toʻrtinchidan, yoshlarning bilim olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab tijorat banklari tomonidan taʼlim kreditlarini Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratishning yangi tizimi yoʻlga qoʻyildi. Unga koʻra, taʼlim kreditining asosiy qismi talaba oliy taʼlim tashkilotini tugatgandan soʻng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytarishi belgilandi. Bunda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalar farzandlaridan taʼlim krediti uchun garov va kafilliklar talab etilmasligi alohida belgilandi.
Eng quvonarli yangiliklardan biri, shubhasiz, davlat oliy taʼlim muassasalari bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakliga kirish imtihonlarida eng yuqori ball toʻplagan 200 nafar yosh uchun davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti granti joriy qilinganidir.
Oldingi yillarda ayrim oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda eng yuqori ball toʻplagan abituriyent toʻlov-shartnoma asosida qabul qilinishi holatlari ham kuzatilgan. Bunday adolatsizlik aholining, birinchi navbatda, yoshlarning katta eʼtiroziga sabab boʻlgan. Prezident grantining joriy etilganligi yoshlarga taʼlim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi. Mazkur grant sohiblariga aʼlo oʻqishi, maʼnaviy-maʼrifiy va ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlarida yutuqlarga erishgani uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi tayinlanishi ham yoshlarga berilayotgan katta imkoniyatlardan dalolat beradi.
Shu oʻrinda xotin-qizlarning taʼlim va kasbiy koʻnikmalar olishi hamda bandligini taʼminlashga har tomonlama koʻmaklashish maqsadida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining tavsiyanomasiga ega boʻlgan xotin-qizlar uchun davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari ajratilganligi, shuningdek, ehtiyojmand oilalar farzandi boʻlgan xotin-qizlar uchun oliy taʼlimga ajratiladigan davlat grantlari soni 2 barobarga oshirish orqali 2000 taga yetkazilgani tahsinga loyiq. Bunday imkoniyatlarning yaratilishi qiz-yoshlarni ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Beshinchidan, xalqaro talablarga javob beradigan kadrlarni tayyorlashga eʼtibor qaratilmoqda. Yoshlarimizni nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olish va ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borishini taʼminlash maqsadida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tuzilib, xorijda bakalavriat, magistratura va doktoranturada oʻqish uchun stipendiyalar ajratildi. 2018-2020-yillarda mazkur jamgʻarma tomonidan 54 nafari xorijga magistraturaga, 42 nafari doktoranturaga, 191 nafari stajirovkaga, 698 nafari esa malaka oshirishga yuborilgan. 2021-yilda jamgʻarma tomonidan bakalavriatga 69 ta, magistraturaga 112 ta, doktoranturaga 91 ta oʻrin ajratilgan. Dunyoning eng nufuzli universitet va ilmiy markazlarida taʼlim olgan, innovatsion kompaniyalarida stajirovka oʻtagan yetuk bilim va malakaga ega boʻlgan, oʻz Vatani ravnaqi yoʻlida tinimsiz mehnat qilishga tayyor kadrlarni xorijda tayyorlash albatta mamlakat rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Muxtasar aytganda, soʻnggi besh yil davomida yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni komil inson sifatida yetishi uchun zamin yaratildi. Yoshlarga berilayotgan bu eʼtibor, oxir-oqibat, oʻz mevasini bermoqda. Bunga yoshlarimiz xalqaro va respublika miqyosida erishayotgan yutuqlari yaqqol dalildir. Mazkur islohotlarning samarasi oʻlaroq kelajagimiz bunday yoshlar qoʻlida porloq boʻlishiga hech qanday shubha yoʻq. Chunki aynan bugungi yoshlar ertangi kunimizning, Yangi Oʻzbekistonning, Uchinchi Renessansning poydevori hisoblanadi.
Islombek RUSTAMBEKOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti prorektori,
yuridik fanlar doktori, professor
Shohjahon XOʻJAYEV,
kafedra mudiri, yuridik fanlar boʻyicha
falsafa doktori