Yangi Oʻzbekiston bolalari milliy qadriyatlarga asoslangan holda zamonaviy tarbiyalanishi zarur

    Ayni damda poytaxtimizda «Umumtaʼlim maktablarida tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish, tizimli muammolar va ularni bartaraf etish, istiqboldagi rejalar» mavzusida tashkil etilgan oʻquv seminari boʻlib oʻtmoqda.

    Tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamentining rahbari Odil Abdurahmonov, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov, ziyolilar, mamlakatimizning barcha tuman va shaharlaridan kelgan pedagoglar ishtirok etishdi.

    Xayriddin Sultonov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi:

    — Bugungi internet va sunʼiy intellekt asrida yoshlarning taʼlim-tarbiyasi bilan shugʻullanish oson yumush emas - buni tan olish kerak. Shunday murakkab davrda yosh avlodni oʻzlikni anglagan, maʼnan yetuk hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash juda muhim va bu jarayonda ustozlarimizning oʻrnini hech narsa bilan qiyoslab boʻlmaydi.

    Yoshlarimizni maʼnaviy tahdidlardan asrash, ularni kamolotga yetkazishda eng katta masʼuliyat aynan ustozlarimiz yelkasiga yuklanadi. Zero, taʼlim tarbiya bilan chambarchars bogʻliq jarayondir.

    Hilola Umarova, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri:

    — Bugun yoshlarning ongi va qalbi uchun kurash ketmoqda va bu murakkab davrda tarbiya masalasiga har qachongidan koʻra koʻproq eʼtibor qaratishimiz zarur.

    Bugungi seminarimizdan koʻzlangan maqsad ham shu - biz bu orqali maktablardagi tarbiyaviy ishlarni zamonaviy metodlarda tashkil etish, bunga masʼul rahbarlarning ish uslubi, malakasini oshirishni niyat qilganmiz.

    Zero, Yangi Oʻzbekiston bolalari milliy qadriyatlarga asoslangan holda zamonaviy tarbiyalanishi zarur. Eskicha yondashuvdagi shunchaki ogʻzaki pand-nasihat emas, ilmiy, kompetensiyaviy tarbiya kerak.

    Shuningdek, tadbir davomida vazirlik tomonidan tayyorlangan “Ota-ona – murabbiy” kitobi taqdimoti ham tashkil etildi.

    Ota-onalar bilan yaqin hamkorlikda ishlash, ularga farzandlar tarbiyasida koʻmaklashish maqsadida tayyorlangan ushbu uslubiy-metodik qoʻllanmada yoshlarni turli buzgʻunchi mafkuralardan himoya qilish, bolalarimizda oʻzini oʻzi himoya qilish koʻnikmasini shakllantirishga doir muhim tavsiyalar oʻrin olgan.