Dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yoʻllagan tabrigini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov oʻqib eshittirdi.
Media sohasi vakillarining kasb bayrami arafasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Unga koʻra, Yangi Oʻzbekistonda erishilayotgan ulkan yutuqlarni keng targʻib etishdagi katta xizmatlari, yuqori malakali, zamonaviy jurnalist kadrlarni tayyorlash, yosh avlodni yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdagi samarali faoliyati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh hamkasblarimiz vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlandi.
Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva ana shu mukofotlarni oʻz sohiblariga topshirdi.
Shuningdek, tantanali tadbirda “Oltin qalam” Milliy mukofoti tashkiliy qoʻmitasi raisi, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida axborot sohasida keng koʻlamli islohotlar olib borilayotgani, jurnalistlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotganiga toʻxtaldi, bu yilgi “Oltin qalam” mukofoti haqida maʼlumot berdi.
Mazkur tanlovda “Yangi Oʻzbekiston“ gazetasi boʻlim muharriri Yunus Boʻronov “Oltin qalam” XIX Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning Bosma nashrlar yoʻnalishi boʻyicha “Eng yaxshi jurnalistik material uchun“ 1-oʻrin sohibi boʻldi.

