Shu bois, mutolaani kanda qilmasdi. Maktabga kelgan gazeta va jurnallarni sinfdoshlaridan oldin oʻqib chiqardi. Pochtachi amakini maktab hovlisida birinchi boʻlib Shodiyor kutib olardi. Amaki esa u uchun alohida gazeta-jurnallar olib kelardi. Shodiyorning intilishlarini kuzatgan ustozlari universitet imtihonidan qiynalmay oʻtadi deb taxmin qilardi. Afsuski, unday boʻlmadi.
Kishi maqsadiga erishi uchun orzuning oʻzi kamlik qilardi. Shodiyorning ham oliygohda oʻqishga imkoniyati boʻlmadi. Turmush tashvishlariga aralashib qoldi. Oila qurdi. Tayinli ishi ham yoʻq edi. Roʻzgʻor tebratish oson boʻlmadi. Chorvachilik bilan shugʻullandi. Dehqonchilik qildi. Bir amallab kun kechira boshladi. Shunday boʻlsa-da, yoshligidagi odati — kitob, gazeta oʻqishni kanda qilmadi. Farzandlari ham otasiga qiziqib, kitob oʻqiydigan boʻldi. Bir kuni kutilmaganda hayotida yangi qadam tashlashga undaydigan voqea roʻy berdi.
— Toʻrt-besh yil avval mahallaga yordam soʻrab borgandim, — deydi qamashilik Shodiyor Joʻrayev. — Mahallamiz raisi bilan ancha suhbatlashdik. Shunda raisning stolidagi “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi taxlami eʼtiborimni tortdi. Qarasam, qiziqarli maqolalari koʻp ekan. Gazetani uyda oʻqib kelsam boʻladimi degandim, mahalla raisi uni qoʻlimga tutqazdi. Quvonib ketdim. Uyga shoshdim. Keliboq gazeta oʻqishga tushdim. Bir maqolada menga oʻxshagan yigit qulupnay ekib daromad topayotgani haqida yozilgandi. U atigi uch sotixdan yaxshi daromad olayotgan ekan. Hovlidan chiqmay shuncha pul topish... Intilsa erishish mumkin, deya oʻyladim. Soʻng tomorqamga chiqdim. Kattagina yer boʻsh yotibdi. Nomiga ekkan sabzavotimiz roʻzgʻorga yetmaydi. Oʻzimdan oʻzim uyaldim. Shuncha imkoniyat bor ekan-u, qaylardan ish qidirib yuribman dedim. Shu kuni qoʻlimga ketmon olib, yer chopishga tushdim. Ikki oʻgʻlimni ham yonimga chaqirdim. Birgalashib kechga qadar ancha joyni chopib chiqdik. Begona oʻtlardan tozaladik. Uch kun deganda yer tayyor boʻldi. Bozordan qulupnay koʻchati olib keldim. Chiroyli qilib ekib chiqdim. Soʻng maslahat olish istagida qulupnay bilan shugʻullanayotgan dehqonlarni surishtirdim. Afsuski, oʻsha paytlari bu borada vohada yetakchi dehqon yoʻq ekan. Toshkentga ketdim. U yerda tajribali mirishkorlar bilan gaplashib, qulupnay yetishtirish sirlarini oʻrgandim. Ancha vaqtgacha yurib, malakaga ega boʻlib qaytdim. Koʻchatni xato tanlagan ekanman. Rivoji yaxshi emasdi. Boshqa koʻchat olib kelib, oʻrniga ekdim. Birinchi yili 20 million soʻmga yaqin daromad oldim. Demak, harakat qilsa, natija yomon boʻlmaydi degan xulosaga keldim.
Dastlabki urinish samara bergani Shodiyor akani olgʻa intilishga undadi. Endi kengroq yerda dehqonchilik qilishni rejaladi. Ammo mahallasi atrofidan bunday yer topa olmadi. Olisroq boʻlsa-da, Qarshi tumanidagi fermerdan ijaraga yer oldi. U yerda ikki yil mehnat qilib, yaxshigina daromad topdi.
— Doim gazeta oʻqishim foyda beradi. “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining yana bir sonida qulupnayning issiqxonada yetishtirilayotgani haqidagi maqolani oʻqidim, — deydi Sh.Joʻrayev. — Shundan soʻng birdaniga toʻrt sotix yerga issiqxona qurdim. Kuz boshlanishi bilan ichiga koʻchat ekdim. Qishda qulupnay hosilga kirdi. Ayozda narxi ham yaxshigina boʻlarkan. Ayniqsa, katta doʻkonlarda talab yuqori. Kichik idishga qadoqlab, yetkazib berishni boshladim. Oʻtgan yili ellik million soʻmdan ortiq pulga qulupnay sotdik. Mana, ikkinchi yilda har ikki-uch kunda 15-20 kilogramm qulupnay sotamiz. Uning kilosi 180-190 ming soʻmdan. Bu oyiga oʻrtacha 30 million, kuniga 1 million soʻmdan daromad degani. Xullas, mehnatimiz sabab birovdan kam boʻlmadik. Gohida doʻppini boshdan olib oʻylayman, ilgari koʻz oldimdagi bor imkoniyatni koʻrmay kelgan ekanman. Qoʻni-qoʻshnilar buning siri haqida soʻrasa, koʻproq gazeta-jurnal oʻqish kerak, deyman. Ular buni hazilga oladi. Aslida, shunday desam, ishonishmaydi.
Shodiyor aka bu gaplarga bizni ham ishonmayapti degan xayolga bordi va uyiga boshladi. Xonadagi kattagina kitob javoniga terib qoʻyilgan kitoblarni birma-bir olib koʻrsatdi. Hammasini oʻqib chiqqanini aytdi. Xonaning chetidagi katta stol ustida gazetalar chop etilgan sanasiga qarab, tartib bilan taxlangan. Jurnallar ham bor.
— Yutugʻim ham shunda, — deydi u kitob va gazetalarga ishora qilib. — Hozir koʻpchilik ijtimoiy tarmoqlarni kuzatish bilan band. Undagi turfa xabarlar odamni asosiy maqsaddan koʻp chalgʻitadi. Shundanmi, gazeta oʻqiganim yaxshi, deyman.
Oʻtgan yili “Yangi Oʻzbekiston” gazetasidagi bir maqolada suv tejamkorligi haqida oʻqidim. Unda yomgʻir suvidan unumli foydalanayotgan dehqon tajribasi haqida soʻz borgandi. Shundan soʻng men ham tezda ishga kirishdim. Hovli chetida 200 tonnalik hovuz tayyorladik. Tomidan tushadigan yomgʻir-qor suvlarini quvur orqali shu hovuzga tushadigan qildik. Suv muammosi hal boʻldi. Ilgari sugʻorish ancha mushkul edi. Endi tomchilatish orqali shu suvdan foydalanamiz. Bu ham bir tejamkorlik. Yozga qadar bemalol yetadi. Hisoblab koʻrsam, bu eng maqbul yoʻl ekan. Masalan, bir chelak suvni ariqdan quysangiz, nari borsa, yarim metrga yetadi. Ammo tomchilatib quysangiz, kamida bir sotix joy sugʻoriladi.
Dehqonchilik oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Uni mukammal oʻrganish, oʻqib, izlanish kerak. Oʻz vaqtida suvi, oʻgʻitini bermasangiz, natijaga erishish qiyin. Yaqinda baliqchilikni ham boshladim. Hovuzga hozir katta baliqlar tashladik. Maqsad — baliqni koʻpaytirish. Bahorda tuxum qoʻyadi. Chavoqlarini olib, boshqa joyga koʻchiramiz. Yomgʻir suvida baliq boʻlmaydi, deyishdi. Laqqa baliqqa namlik yetarli boʻlsa, koʻpayishi muammo emas. Muhimi — odam maqsad sari intilsa boʻlgani. Hozir qishlogʻimiz yoshlari dehqonchilik qilishga qiziqish bildirmoqda. Kelib, oʻrganib ketmoqda. Ayniqsa, qulupnaychilikni oʻrganmoqchi boʻlganlar koʻp. Shu ishni boshlamoqchilarga erinmasdan oʻrgataman. Hozirgacha Kitob, Chiroqchi, Koson, Yakkabogʻ tumanlaridagi ishtiyoqmandlarga oʻzim bosh boʻlib qulupnay ekib berdim. Natija yomon emas. Gohida maslahatga chaqirib qolishadi. Koʻrib, koʻzim quvnaydi. Bir oilaga nafim tekkanidan mamnun boʻlaman.
Ikki yil olisga qatnab dehqonchilik qilgan Shodiyor akaga endi mahallasi hududidan yer ajratildi. Bu uning uchun katta imkoniyat. Shu sabab tezda ishga kirishdi. Hozirda tomorqasidagi issiqxonadan tashqari 30 sotix maydonga qulupnay, 8 sotixiga sabzi ekkan. Oʻtgan yili 300 million soʻmga yaqin daromad topgan boʻlsa, joriy yil buni 500 million soʻmdan oshirishni maqsad qilgan.
Yana bir gap. Bir paytlar ishsiz yurganida tengdoshlari xorijga ishlash taklifini bergandi. Shunda Shodiyor aka “Xorijga faqat sayohat uchun chiqaman, ishlagani emas”, deya javob bergan ekan. Oʻshanda ishi ham, puli ham yoʻq odamning bunday orzusi kulgi va mazaxga sabab boʻldi. Ammo Shodiyor aka parvo qilmadi. Ezgu niyatini oʻqib-oʻrganish bilan quvvatladi. Mana, halol mehnati sabab ezgu niyatlari amalga oshmoqda. Oʻtgan yili oilasi bilan xorijda dam olib keldi.
Akbar RAHMONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri