Yangi O‘zbekiston investitsiyalar uchun yanada qulay mamlakatga aylanadi

    Hukumat 27 Aprel 2023 4009

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining ochilish marosimidagi nutqi

    Hurmatli forum ishtirokchilari!

    Aziz mehmonlar, xonimlar va janoblar!

    Sizlar bilan ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida uchrashib turganimdan bag‘oyat xursandman.

    Albatta, O‘zbekistonning yaqin do‘stlari va ishonchli hamkorlari bo‘lgan xorijiy hukumatlar va xalqaro moliya institutlari vakillari hamda nufuzli kompaniyalar rahbarlari bilan ushbu forum doirasidagi uchrashuvlarimiz barchamiz uchun yaxshi an’anaga aylanib bormoqda.

    Sizlarning mehmondo‘st diyorimizga tashrifingizni yurtimizga hurmat va islohotlarimizga ishonch ifodasi sifatida qabul qilamiz.

    O‘zbekistonga xush kelibsiz!

    Hurmatli forum ishtirokchilari!

    Hozirgi vaqtda xalqaro maydonda davom etayotgan murakkab va tahlikali jarayonlar, bashorat qilib bo‘lmaydigan o‘zgarishlar dunyo iqtisodiyotini jiddiy sinovdan o‘tkazayotgani hech kimga sir emas.

    Ishonchim komilki, bunday ziddiyatli sharoitda bugungi uchrashuvimiz ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga, barchamiz uchun yangi biznes imkoniyatlarini kashf etishga xizmat qiladi.

    Aziz do‘stlar!

    O‘tgan yili bo‘lib o‘tgan birinchi Xalqaro investitsiya forumida yangi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilinib, ko‘plab kelishuvlarga erishildi.

    Bir yil ichida mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada erkinlashtirish, biznesga keng yo‘l ochish, bu borada qonun ustuvorligi va huquqiy kafolatlarni mustahkamlash bo‘yicha tizimli islohotlarni jadal davom ettirdik. Jumladan, mintaqamizdagi eng qulay fiskal tizimni yaratish bo‘yicha katta o‘zgarishlarga erishdik. Xususan, qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12 foizga tushirildi. Xabaringiz bor, ilgari ushbu soliq stavkasi 20 foiz edi. Shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘ini eksportchi korxonalarga 7 kun ichida qaytarish joriy qilingani, soliq va bojxonada o‘zaro hisobga olish yo‘lga qo‘yilgani tadbirkorlarga juda ma’qul bo‘lyapti. Shu paytgacha investorlar 2 ta alohida tizim orasida sarson edi.

    Bundan tashqari, xorijiy investorlarning o‘z aksiyalaridan oladigan dividendlari uch yil muddatga soliqdan ozod qilindi, ular uchun foyda solig‘i 20 foizdan 12 foizga tushirildi.

    Muhimi – soliq va bojxona qonunlariga yangi yoki og‘irlashtiruvchi javobgarlik choralari kiritilmasligi qat’iy belgilab qo‘yildi.

    Tashqi savdoni erkinlashtirish bo‘yicha navbatdagi muhim qadamlar qo‘yildi. Jumladan, investorlar uchun zarur bo‘lgan 7 mingdan ziyod xomashyo va tovarlarga bojxona bojlari bekor qilindi. Bojxona hududida qayta ishlashning soddalashtirilgan tartibi joriy etildi.

    Tashqi savdo va raqobat muhitini yangi bosqichga olib chiqish, yangi-yangi bozorlarga kirish maqsadida biz Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish borasidagi ishlarimizni jadallashtirdik.

    Alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman, Jahon savdo tashkiloti talablari islohotlarimiz mazmuniga to‘la mos va biz ushbu nufuzli tashkilotga tezroq a’zo bo‘lib kirishdan manfaatdormiz.

    Hozirgi vaqtda a’zo mamlakatlar bilan muzokaralar olib borish hamda milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti qoidalari bilan uyg‘unlashtirish qizg‘in bosqichda. Yil yakuniga qadar sezilarli natijalarga erishish bo‘yicha aniq rejalarni olganmiz.

    Ijro hokimiyati tizimida byurokratiyani kamaytirish, korrupsiyani yo‘q qilish, ixcham, samarali boshqaruvni joriy etish maqsadida dadil ma’muriy islohotni boshladik.

    Bu borada barcha vazirliklar isloh qilinib, ularning soni 61 tadan 28 taga keltirildi, vazifa va vakolatlari aniq belgilandi.

    Shuningdek, davlatning biznesni tartibga solishga qaratilgan 500 ta funksiyasi bekor qilindi, 70 tasi xususiy sektorga davlat-xususiy sheriklik va autsorsing asosida o‘tkazildi.

    Hozirgi kunga qadar 132 ta litsenziya va ruxsat berishga oid hujjatlar bekor qilindi, 33 tasi bo‘yicha xabardor qilish tartibiga o‘tildi.

    Eng muhimi – ushbu islohot doirasida investorlar bilan ishlashning yaxlit tizimi joriy qilindi.

    Investitsiya, sanoat va savdo vazirligida loyiha tashabbusidan boshlab, to uni ishga tushirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarda investorlarga “yagona darcha” orqali ko‘maklashish yo‘lga qo‘yildi.

    Investorlar faoliyatiga oid masalalarni tezkor hal etish, ularning davlat rahbari bilan bevosita muloqotini yo‘lga qo‘yish maqsadida Prezident huzurida Xorijiy investorlar kengashi ish boshladi.

    Men xorijiy kompaniyalar vakillari va ishbilarmonlar bilan ko‘proq muloqot qilishga intilaman. Sizlarning g‘oya, taklif va tashabbuslaringiz menga kuch-g‘ayrat beradi, yangi islohotlarga undaydi. Shu bois, yangi-yangi investorlar bilan tez-tez uchrashuvlar o‘tkazishga, sizlarning yurtimizdagi yutuqlaringizni shaxsan kafolatlashga tayyorman.

    Investorlar huquqlarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha ham islohotlarimiz jadal davom etmoqda.

    Chet ellik investorlar uchun ko‘chmas mulk sotib olish, O‘zbekistonga kelib-ketish va yashash shartlari keskin soddalashtirildi.

    Investorlar huquqlarini sud orqali kafolatli himoya qilish borasida katta qadamlar qo‘yilmoqda. Bu borada ma’muriy sudlarning nufuzi oshirildi va ularga katta vakolatlar berildi. Bundan buyon tadbirkor va investorlar sudda o‘z talabining to‘g‘riligini isbotlashi shart emas. Endi davlat idorasi o‘z qarorining qonuniyligini isbotlab berishga majbur bo‘ladi. Yuzaga kelgan har qanday noaniqliklar esa investorlar foydasiga hal qilinadi.

    Qonunlarimizda xalqaro arbitraj sudlari qarorlarini majburiy ijroga qaratish mexanizmlari mustahkamlab qo‘yildi.

    Joriy yilda ham tadbirkorlar huquqini himoya qilish bo‘yicha islohotlarimiz davom ettiriladi. Jumladan, xalqaro ekspertlar ko‘magida tariximizda ilk bor Xalqaro tijorat sudi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

    Islohotlarimiz natijasida O‘zbekistonning mintaqadagi iqtisodiyoti eng yuqori diversifikatsiya qilingan mamlakat sifatidagi maqomi yanada mustahkamlandi.

    Bir yilning o‘zida 100 mingga yaqin yangi korxonalar tashkil qilindi, kiritilgan xorijiy sarmoyalarning yillik hajmi 10 milliard dollarga yetdi yoki islohotlar boshlangan 2017 yilga nisbatan 3 barobar oshdi, 1 millionga yaqin aholi kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushirildi. Eslatib o‘taman, islohotlar boshlangan davrda bu ko‘rsatkich 30 foizdan yuqori edi.

    Albatta, bu yutuqlarda siz, hurmatli hamkorlarimizning o‘rni beqiyos.

    Oxirgi yillarda sizlarning ko‘magingiz bilan mamlakatimizda minglab zamonaviy korxonalar tashkil qilindi, yirik loyihalar amalga oshirildi, yuz minglab yuqori daromadli yangi ish o‘rinlari yaratildi.

    Fursatdan foydalanib, ana shunday yutuqlarga munosib hissa qo‘shayotgan barcha xorijiy va mahalliy investorlarga, hamkor davlatlar hukumatlariga, xalqaro moliya institutlariga chuqur minnatdorlik hamda yuksak hurmat va ehtiromimni bildiraman.

    Muhtaram mehmonlar!

    Islohotlarimiz jadal davom etishi, yurtimizda biznes emin-erkin rivojlanishi uchun yanada mustahkam huquqiy poydevor kerak.

    Xabaringiz bor, yaqin kunlarda Yangi O‘zbekistonning yangilanayotgan Konstitutsiyasi bo‘yicha umumxalq referendumi o‘tkaziladi.

    Eng avvalo, yangi Konstitutsiyamizda O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani alohida belgilanmoqda. Barcha o‘zgartirishlarning tub negiziga “inson huquqlari va erkinliklari ustuvor” degan ezgu g‘oya qo‘yilmoqda. Shuningdek, Konstitutsiyamizda ilk bor qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, mulk daxlsizligi, bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratish, sud mustaqilligi bo‘yicha davlat o‘ziga majburiyatlar olmoqda.

    Hech shubhasiz, yangi Konstitutsiya – biz boshlagan islohotlarni izchil davom ettirib, eng muhimi, ularga ortga qaytmaydigan tus berishi muqarrar.

    Qadrli do‘stlar!

    Endi sizlar bilan hamkorligimizni kengaytirish borasidagi yangi imkoniyatlarga to‘xtalsam.

    Birinchidan, O‘zbekiston “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish yo‘lini qat’iy davom ettiradi.

    Ayniqsa, “ACWA Power”, “Masdar”, “Total Eren” kabi jahonning eng nufuzli kompaniyalari mamlakatimizda yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari loyihalarini amalga oshirmoqda. Shu yilning o‘zida 2 ming megavattdan ziyod, keyingi yilda esa 8 ming megavattli quvvatlar ishga tushadi.

    “Yashil iqtisodiyot” bizga sanoatning yangi yo‘nalishlarini ham olib kelmoqda. Quyosh panellari, shamol turbinalari, invertor va boshqa elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar barpo etilmoqda. Bu – investorlar uchun 8 milliard dollarlik imkoniyat, degani.

    Sizlarni shu kabi loyihalarni amalga oshirishga taklif qilamiz va buning uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz.

    Ikkinchidan, yaqin-yaqingacha iqtisodiyotning muhim tarmoqlari faqat davlat korxonalaridan iborat edi.

    Islohotlarimiz natijasida oldinlari “yopiq” bo‘lgan tarmoqlarga xususiy investitsiyalar faol kirib kelmoqda. Birgina misol, avval 100 foiz davlat tarmog‘i hisoblangan aviatsiya sohasida xususiy sektorga keng yo‘l ochildi. Jumladan, 5 ta xususiy aviakompaniya tashkil etilgani, Samarqand aeroporti tashqi boshqaruvga berilgani hisobiga parvozlar soni 2,5 barobar oshdi.

    Biz transport sohasida raqobat muhitini yaratishga qaratilgan islohotlarni davom ettiramiz. Bu yil Andijon, Namangan, Buxoro va Urganch aeroportlari boshqaruvini ham xususiy sektorga topshiramiz.

    Temir yo‘l sohasida ham katta o‘zgarishlarni boshlayapmiz va bunda investorlar faol ishtirok etishlarini so‘rab qolaman.

    Shu bilan birga, tez o‘sib kelayotgan IT, turizm, ta’lim, tibbiyot kabi sohalarda O‘zbekiston mintaqaviy xabga aylanib borayotgani ham bu yo‘nalishdagi katta imkoniyat.

    Ushbu rejalarimizni amalga oshirishda xalqaro moliya institutlarining ko‘magiga tayanamiz. Misol uchun, Islom taraqqiyot banki bizga ishonch bildirib, davlat kafolatisiz 1,5 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha jadal ishlayapti. Buning uchun forumda ishtirok etayotgan bankning prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassir janoblariga alohida minnatdorligimni bildiraman.

    O‘ylaymanki, bu hamkorligimiz uzoq yillar davom etadi va har ikki tomon uchun manfaatli bo‘ladi.

    Umuman, bu yil davlat-xususiy sheriklikni joriy qilish bo‘yicha 14 milliard dollarlik alohida dasturlar xalqaro moliya institutlari ko‘magida ishlab chiqildi. Bular davlat uchun muhim bo‘lgan transport, kommunal va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash kabi tarmoqlarni qamrab oladi va ular bo‘yicha ushbu forum doirasida sizlarga aniq loyihalar taqdim etiladi.

    Uchinchidan, biz bu yil davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha “1 ming + 1 ming + 40” dasturini qabul qildik.

    Bu degani 1 mingta korxonadagi davlat ulushlari hamda yana 1 mingta davlatga tegishli ko‘chmas mulk obyektlari ochiq auksion savdolariga chiqariladi, iqtisodiyotimiz uchun strategik ahamiyatga ega 40 ta korxona IPO ga olib chiqiladi. Jumladan, oltin, mis ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar, telekommunikatsiya va sug‘urta kompaniyalari hamda banklar aksiyalari investorlarga taklif etiladi.

    To‘rtinchidan, biz industrial rivojlanishni yangi bosqichga olib chiqishga ustuvor ahamiyat beramiz.

    Masalan, hozirgi kunda to‘qimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, elektr texnikasi, mashinasozlik tarmoqlari yetarli xomashyo bazasi va malakali kadrlarga ega. Ya’ni, shu sohalarda “katta sakrash” qilib, ulardagi ishlab chiqarish va eksportni 2 barobar oshirish uchun yetarli imkoniyatlar bor. Buning uchun bizga yirik brendlar bilan hamkorlik, tashqi bozorlarga chiqish, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalar kerak.

    Bularni olib keladigan investorlarga biz barcha sharoitlarni yaratish, alohida texnopark hamda sanoat zonalari tashkil qilish va boshqa qo‘shimcha imtiyozlarni yaratib berishga tayyormiz. Bu borada vazirlarga topshiriq berganman. Ular sizlarga forum sessiyalari davomida 160 ta yirik va o‘zaro manfaatli loyihalarni taqdimot qiladi.

    Beshinchidan, biz Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik siyosatini davom ettirib, iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shni davlatlar bilan faol ishlayapmiz.

    Ushbu maqsadlarda qo‘shma investitsiya fondlarini tashkil qilib, sanoat, energetika, transport va suv xo‘jaligi sohalarida yirik mintaqaviy loyihalarni amalga oshiryapmiz.

    Iqtisodiyotlarimizning “bir-birini to‘ldirishi” tamoyili asosida sanoat va agro kooperatsiyalarini qat’iy davom ettiramiz.

    Bugungi forumda qo‘shni Qirg‘iz Respublikasi hukumati rahbari Aqilbek Japarovni ko‘rib turganimdan xursandman. Biz uchun qardosh bo‘lgan Qirg‘iziston bilan hamkorlik natijasida so‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 5 barobar va qo‘shma korxonalar soni 8 barobar oshdi. Xususan, to‘qimachilik, avtomobilsozlik, geologiya, kimyo sanoati, qishloq va suv xo‘jaligi, chorvachilik kabi yo‘nalishlarda birgalikda katta-katta loyihalarni boshladik.

    Bularning barchasi 2021 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston – Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilmoqda.

    “Qambarota GES-1” va “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihalari bo‘yicha ham ishlar jadal davom etmoqda.

    Shu o‘rinda mintaqamiz davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yuksaltirish bo‘yicha bu tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlayotgan qo‘shni davlatlar hukumatlari vakillari, yirik kompaniyalar rahbarlari va tadbirkorlariga alohida minnatdorlik bildiraman.

    Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

    Sizlarning bugungi forumda qatnashayotganingiz va mamlakatimizda biznes yuritish uchun katta qiziqish bilan qarayotganingizni yuksak qadrlaymiz.

    Hech shubhasiz, bugungi forum barchamiz uchun yangi-yangi imkoniyatlarni ochib beradi.

    Ishonchim komil, bo‘lib o‘tadigan muloqotlar orqali sizlar Yangi O‘zbekistondagi biznes uchun beqiyos imkoniyatlarni kashf qilasizlar.

    Sizlar o‘zingiz istagan tinchlik va barqarorlik, qulay investitsiya muhiti hamda zarur kafolatlarni aynan bizning yurtimizda topasiz. Bunga men Prezident sifatida kafolat beraman. Yangi O‘zbekiston Sizning biznes faoliyatingizda alohida yorqin iz qoldiradigan makon bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonaman.

    Barchangizga kelgusi faoliyatingizda omad va ulkan zafarlar yor bo‘lsin!

    Forum ishida o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishishni tilab qolaman.

    E’tiboringiz uchun rahmat.