Tadbirning ochilish marosimida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, BMT Bosh Assambleyasi Raisi Annalena Berbok, BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Folker Tyurk, shuningdek, davlat rahbarlari, tashqi ishlar vazirlari va BMTga aʼzo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari soʻzga chiqdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi rahbari oʻz nutqida inson huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda himoya qilish sohasidagi Yangi Oʻzbekiston» konsepsiyasini taqdim etdi. Mamlakatimiz vakili Oʻzbekistonning BMT Nizomi prinsiplariga, shuningdek, global tahdidlar sharoitida xalqaro hamkorlik va birdamlikni mustahkamlashga sodiqligi oʻzgarmasligini taʼkidladi.
Mamlakatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida izchil islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Yangilangan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha milliy “yoʻl xaritasi” sifatida koʻrilyapti hamda u ijtimoiy adolatni taʼminlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash va aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan.
Shuningdek, 2026–2030-yillarga moʻljallangan Inson huquqlari boʻyicha ikkinchi Milliy strategiya loyihasi tayyorlanayotgani, shuningdek, BMT Jahon dasturining Beshinchi bosqichi doirasida Inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha Milliy dastur ishlab chiqilayotgani haqida maʼlum qilindi.
BMT Bosh kotibining “UN-80” tashabbusi hamda BMT Oliy komissarining Inson huquqlari boʻyicha global alyans yaratish taklifi qoʻllab-quvvatlanishi alohida taʼkidlandi.
Oʻzbekiston 2026-yilda Inson huquqlari boʻyicha xalqaro paktlarning 60-yilligiga bagʻishlangan Inson huquqlari boʻyicha beshinchi Samarqand forumi hamda Yosh parlamentariylarning global konferensiyasiga mezbonlik qiladi.
Maʼlumot uchun: BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining navbatdagi oltmish birinchi sessiyasi 2026-yil 23-fevralda ochildi. Sessiya ishida 100 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etmoqda. Kun tartibidan 29 ta interfaol muloqot, raqamli texnologiyalarga va Durban deklaratsiyasining bir yilligiga bagʻishlangan mavzuli yalpi majlislar hamda ayrim mamlakatlar va mintaqalardagi vaziyatlar muhokamasi kabi masalalar oʻrin olgan. Sessiya ishi 2026-yil 31-martga qadar davom etadi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.