Bu viloyatimiz hayotida, xususan, taʼlim tizimidagi amaliy saʼy-harakatlarda ham yaqqol namoyon. Sohadagi bunyodkorona islohotlar koʻlami haqida gap ketganda, birgina yakunlangan 2021-yilning oʻzida Davlat investitsiya dasturi asosida viloyatimizda 8 ta yangi maktab qurilgani, mavjudlarining 23 tasi rekonstruksiya va 7 tasi mukammal taʼmirlanganini taʼkidlash oʻrinli. Ushbu maqsadlar uchun jami 243,77 mlrd. soʻm mablagʻ sarflandi. Natijada, qoʻshimcha 10 ming 343 oʻquvchi oʻrni yaratilib, mavjud 11 ming 572 oʻrinli oʻquv binolari mukammal taʼmirlandi hamda 11 ta yangi sport zali qurildi.

Davr shiddati va islohotlar qamroviga hamohang odimlar yangi yilda yanada keng qamrov kasb etishi viloyatimiz hokimi Shavkatjon Abdurazzoqovning Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasidagi 2021-yil yakunlari va 2022-yilgi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan Murojaatnomasida oʻz ifodasini topdi. Mazkur chiqish “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 2022-yildagi ilk sonida “Najot – taʼlimda, zakovatda!” sarlavhasi ostida yoritildi. Viloyat hokimining “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi muxbiriga bergan intervyusida mamlakatimizda Davlatimiz rahbari rahnamoligida kelajagimiz egalariga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik, yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklarga hamohang Namanganda ham 2022-yilda ijtimoiy sohalar, xususan, taʼlimga alohida ahamiyat qaratilishi taʼkidlangan. Aslida ham, yurtning ertangi ravnaqini ilm-maʼrifatga boʻlgan eʼtibor belgilaydi. Bu esa “Yoshlar - kelajak bunyodkori” degan eʼtirof bilan uygʻun.

Yangi “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da viloyatimizda 6 ta yangi maktab quriladi, 15 ta maktab rekonstruksiya qilinib, kapital taʼmirlanadi. Shuningdek, 115 ta maktab 1 ming 840 dona zamonaviy kompyuter texnikalari bilan taʼminlanadi. Viloyatda 3 ta matematika va fizika, 4 ta kimyo va biologiya, 3 ta informatika fanlarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi. Yosh avlodni sogʻlom va barkamol, har jihatdan yetuk kamol toptirish maqsadida 22 ta maktabda zamonaviy sport zal quriladi. Birgina viloyatimizning oʻzida 2022-yilda 10 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etilishi esa ularning yanada yorqin kelajagidan dalolat.

Keltirilgan raqamlar, taʼkidlar yurt ravnaqi va istiqboli, yoshlar kamolida, yaʼni najot chindan ham taʼlimda, zakovatda ekanligining hayotiy ifodasidir. Bunday eʼtibor va imkoniyatlar biz, xalq taʼlimi tizimi vakillarini farzandlarimizga zamonaviy bilimlarni chuqur va mukammal oʻrgatish barobarida yorugʻ istiqbol va yuksak marralar sari yetaklashda shijoatga undayveradi.

Rustamjon ISROILOV,
Namangan viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi