2025-yil 6-noyabr kuni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist, Salim Doniyorovning “Yangi Oʻzbekiston orzusi” nomli kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbirda davlat va jamoat arboblari, ziyolilar, professor-oʻqituvchilar, talaba yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Taqdimot marosimini Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ochar ekan, kitobning mazmun-mohiyati, unda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Yangi Oʻzbekistonni barpo etish gʻoyasi, Uchinchi Renessans poydevori, ochiq va pragmatik davlat siyosati hamda inson qadrini yuksaltirish tamoyillari atroflicha yoritilganini alohida taʼkidladi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda kechayotgan tub islohotlar mazmun-mohiyati, avvalo, inson manfaatlarini yuksak qadrlashga qaratilgan.
2020-yil 25-yanvardan nashr etila boshlagan “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi qisqa fursatda jamoatchilik ishonchiga kirib, yangi davlat siyosati – adolat, ochiqlik va pragmatizm prinsiplarini keng koʻlamda tahlil etib kelmoqda. Taqdim qilingan “Yangi Oʻzbekiston orzusi” kitobi ham ana shu maqsad – yangi davr oʻzgarishlarini, davlat siyosatining mohiyatini ommaga yaqinlashtirishdir. Unda Vatanga muhabbat, milliy urf-odatlarga, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuygʻulari oʻz ifodasini topgan.
Muallifning ijtimoiy-siyosiy yoʻnalishdagi maqolalarida Yangi Oʻzbekistonni qurish yoʻlida Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarga kamarbastalik aks etadi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi bilan yoʻlga qoʻyilgan, taʼbir joiz boʻlsa, qayta jon kiritilgan tarixiy oʻzgarishlar mahorat bilan qalamga olingan.
Kitobga kiritilgan maqola va suhbatlar 2020–2025-yillarda “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida eʼlon qilingan. Shu jihatdan toʻplam mohiyatan ikki qismga boʻlinadi: birinchi boʻlimdan muallifning davlat va jamoat arboblari bilan suhbatlari oʻrin olgan boʻlsa, ikkinchi qismda Vatan va millat istiqboli, shaʼni va obroʻsi yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar teran tahlilga tortilgan.
Tadbir davomida Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Nodir Jonuzoq, Milliy axborot agentligi direktori, senator Abdusaid Koʻchimov, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov, tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulov, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor Sherzodxon Qudratxoʻja, “Saodat” jurnali bosh muharriri, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Munavvara Usmonova soʻzga chiqib, jurnalistning mehnati, odilona pozitsiyasi va faoliyatiga yuqori baho berdi.
“Yangi Oʻzbekiston orzusi”da yangi davrning ruhi, yangilanish jarayonlarining mazmun-mohiyati, xalq uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bevosita voqealar, misollar va tahliliy yondashuv orqali yorqin tasvirlangan. Shu jihatdan, kitob bugungi Oʻzbekiston qiyofasini, uning taraqqiyot strategiyasi va kelajakka intilishini anglashda muhim manba boʻlib xizmat qiladi.
Hakim Yoʻldoshev olgan suratlar
















