Xorijiy va milliy ekspertlar, tahlilchilar oʻrtasida yangi Oʻzbekistondagi demokratik islohotlar mohiyati, erishilgan yutuqlar va istiqboldagi dolzarb vazifalar, mamlakatda vujudga kelayotgan mutlaqo yangi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va maʼnaviy-maʼrifiy makon va muhit, davlat tashqi va ichki siyosatining ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha fikr almashish bosh maqsadi boʻlgan nufuzli xalqaro tadbirda tadqiqot va tahliliy markazlar, biznes hamjamiyat, vazirlik va idoralar tomonidan 50 dan ziyod konferensiya, davra suhbati va amaliy muloqot tashkil etiladi.

Inson kapitalini rivojlantirish va taʼlim tizimini isloh etish, ijtimoiy davlat qurish, Oʻzbekistonning “yashil taraqqiyot” sohalaridagi tajribasi va dunyodagi jarayonlar, yurtimizda yuzaga kelayotgan qulay biznes va innovatsion muhit kabi qator masalalarga bagʻishlangan muloqotlar uchun esa alohida platformalar tashkil etiladi. Bu yoʻnalishlar boʻyicha 20 ga yaqin mavzuda tadbirlar, uchrashuvlar oʻtkazilishi nazarda tutilgan.

Muloqotlarda ishtirok etish uchun tibbiyot sohasi boʻyicha dunyoning bir guruh yetakchi mutaxassislari — AQSH Kasalliklarni tahlil qilish markazi (SDA) boshqaruvi direktori Xomi Razavi, Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining global sogʻliqni saqlash boʻyicha elchisi Choi Jaye Vuk, Hindiston onkologlar uyushmasi prezidenti, Jahon saratonga qarshi ittifoqi ekspertlar kengashi aʼzosi Dinesh Pendxarkard, Isroil tibbiyot markazi asoschisi Yaron Goyxman va boshqa nufuzli mehmonlar ham tashrif buyurishgan. Kecha “Hilton” mehmonxonasida haftalik doirasida mazkur xorijiy ekspertlar ishtirokida yangi Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimi transformatsiyasiga bagʻishlangan xalqaro anjuman boshlandi. Bu tadbir mamlakatimiz tibbiyoti rivoji uchun manfaatli ekani bilan ahamiyatli.

Tadbirlar doirasida “Oʻzbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi” haftaligi oʻtkazilyapti. Haftalikka kecha koʻtarinki tarzda start berildi. Unda 30 dan ortiq tadbir, koʻrgazma, musiqa festivali hamda filmlar namoyishi rejalashtirilgan.

Haftalikning ochilish marosimida soʻz olgan Oʻzbekiston madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov ijod ahlini, madaniyat va sanʼat vakillarini jamlagan mazkur anjuman xalqaro darajadagi aloqalarimiz kengayib borayotganini koʻrsatishini aytib, tadbirlar bu hamkorlikni mustahkamlashga, oʻzbek madaniyati va sanʼati shuhratini yanada oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Xalqaro haftalik yakunlari boʻyicha xorijiy sheriklar bilan oʻzaro manfaatli aloqalarga oid bitimlar imzolanishi, qoʻshma loyihalar borasida qator kelishuvlarga erishilishi kutilmoqda.

Haftalikning ochilish marosimi “Oʻzbekfilm” kinokonserni hududida yangi qad rostlagan “Event hall” tadbirlar majmuasida boʻlib oʻtdi. Turli muloqot va uchrashuvlar oʻtkazish uchun moʻljallangan maydon kelgusida ham yirik tadbirlarga mezbonlik qila olish imkoniyatiga ega.

—  Ushbu muloqotlar saroyi Oʻzbekiston uchun xayrli boʻlsin! Bu joy madaniyat, sanʼat va turizm uchun juda muhim. Binoning ochilish marosimiga taklif etishganidan juda mamnunmiz. Zero, biz Oʻzbekistonning turizminigina emas, madaniyati va milliy kinosini ham butun dunyoga targʻib qilish bilan shugʻullanishni niyat qilganmiz, — deydi Jahon turizm forumi prezidenti Bulut Baxchi. – Boshlangan haftalik nafaqat oʻzbek, balki turk dunyosi madaniy merosini saqlash va targʻib etishga ham xizmat qiladi.

Haftalik 7-iyul kuni yakunlanadi. Uning media hamkori esa “CNN” telekanali (AQSH). Tadbirlar, shuningdek, “Euronews” va boshqa nufuzli xorijiy hamda  milliy ommaviy axborot vositalarida keng yoritiladi.

Munojat MOʻMINOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri