Ekspertlar o'z baholarida Taraqqiyot strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun O'zbekiston etarli salohiyat va imkoniyatga ega degan yakdil fikrni ilgari surmoqda.
Sun Chjuanji,
Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Evropa va Markaziy Osiyo instituti direktori,
Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan do'stlik jamiyati raisi o'rinbosari:
— 2022-2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi o'tgan besh yillikda amalga oshirilgan Harakatlar strategiyasining mantiqiy davomidir. Ettita ustuvor yo'nalishni o'z ichiga olgan Strategiyaning maqsad va vazifalarini amalga oshirish O'zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga o'tishini ta'minlaydi.
E'tiborli jihati, Strategiyada mintaqa davlatlari bilan yaxshi qo'shnichilik va o'zaro manfaatli munosabatlarni yanada mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilgan.
Markaziy Osiyo bo'yicha ekspert sifatida ta'kidlamoqchimanki, mintaqadagi barcha hayotiy muhim masalalar — chegaralar xavfsizligidan tortib, suv resurslarini oqilona taqsimlashgacha — bevosita Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasidagi munosabatlar darajasiga bog'liq. Yirik mintaqaviy loyihalarni, jumladan, transport-kommunikatsiya va energetika sohalaridagi loyihalarni, muvaffaqiyatli amalga oshirish mintaqa davlatlari o'rtasidagi faol hamkorlikni taqozo qiladi.
Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mexanizmi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu platforma mintaqada barcha sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishning bosh asosi bo'lgan do'stlik va ishonch muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Li Yuntsyuan,
Xitoy Davlat Kengashi huzuridagi Evropa va Osiyo ijtimoiy taraqqiyot instituti direktori:
— O'zbekiston mintaqaviy va mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash jarayonlarining faol ishtirokchisi bo'lib, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mexanizmida, mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotni ta'minlashning dolzarb masalalari bo'yicha hamkorlik samaradorligini ta'minlashda muhim rol` o'ynaydi.
O'zbekiston tashqi siyosatidagi yondashuvlarning alohida ahamiyati shundaki, ular butun mintaqada xavfsizlik, barqarorlik va hamkorlik belbog'ini mustahkamlashga qaratilgan. O'zbekiston mintaqada inklyuziv rivojlanish tamoyillariga amal qilishi, o'z taraqqiyotini boshqa mamlakatlardan ayricha ko'rmasligi alohida e'tiborga loyiq.
Mintaqaviy va global xavfsizlik, mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy farovonligi uchun xavf-xatar kuchayib borayotgan bir sharoitda bunday siyosat benihoya muhim ahamiyat kasb etadi.
Din Syaosin,
Xitoy zamonaviy xalqaro aloqalar akademiyasining Evroosiyo tadqiqotlari instituti direktori:
— 2022-2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ko'zlangan maqsad va vazifalar mamlakatning real imkoniyatlaridan kelib chiqqan. Bu O'zbekiston taraqqiyotining asosli va keng ko'lamli dasturidir.
O'zbekiston taraqqiyotining avvalgi besh yillik bosqichi misli ko'rilmagan o'zgarishlar va islohotlar davri bo'ldi. Yurtingizda oldinga siljimagan biror soha qolmadi, desak mubolag'a bo'lmaydi.
Xususan, amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar keng ko'lamli natijalarga erishish imkonini berdi va respublika Markaziy Osiyoda iqtisodiy o'sishning eng barqaror davlati va drayveriga aylandi.
Yangi Strategiya maqsad va vazifalari ushbu jarayonlarning davomi bo'lib, O'zbekiston o'z taraqqiyotida sifat jihatidan yuqoriroq bosqichga qadam qo'yayotganini namoyish etadi.
Li Tszigo,
Xitoy xalqaro masalalar akademiyasi Evroosiyo tadqiqotlari instituti direktori:
— Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi mamlakatingizning milliy ustuvor yo'nalishlarini aks ettiradi. O'zbekiston o'z tashqi siyosatida ochiqlik, faollik va vazminlik tamoyillariga tayanishi, mamlakat taraqqiyoti uchun keng va qulay tashqi makonni yaratish, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar, xususan, Xitoy bilan teng huquqli va o'zaro manfaatli hamkorlikni faol rivojlantirishga e'tibor qaratishi Strategiyada alohida yo'nalish sifatida belgilangani muhimdir.
Ishonchim komilki, Strategiyadagi barcha maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun O'zbekiston etarli salohiyat va imkoniyatlarga ega.
Den Xao,
Xitoy xalqaro munosabatlar akademiyasining
Shanxay hamkorlik tashkiloti tadqiqotlari instituti direktori:
— O'zbekistonda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga alohida e'tibor qaratilib, iqtisodiyotni liberallashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratilayotgani, “davlat organlari xalqqa xizmat qilishi lozim”, degan tamoyil izchil tatbiq etilgani mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim natijalaridan.
Islohotlar O'zbekistonning rivojlanishiga kuchli rag'bat bermoqda, mamlakatingizning ko'plab xalqaro reytinglardagi o'rni sezilarli darajada yaxshilandi. O'zbekiston jahonning “Eng ilg'or islohotchi davlatlari” ro'yxatiga munosib ravishda kirdi.
Shubhasiz, Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasining amalga oshirilishi mamlakatdagi islohotlar jarayonlarini yanada chuqurlashtirish va mamlakat milliy farovonligini yuksaltirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
O'z navbatida, Xitoy va O'zbekiston o'rtasidagi o'zaro amaliy hamkorlikni, xususan, “Bir makon — bir yo'l” dasturi, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa ko'p tomonlama mexanizmlar doirasidagi muloqotni rivojlantirishda ham Strategiyada ko'zda tutilgan tashqi siyosiy-iqtisodiy maqsadlar muhim rol` o'ynaydi.
Xe Chjen`vey,
Xitoyning xorijdagi korxonalarni rivojlantirish uyushmasi raisi:
— O'zbekistonda erkin bozor munosabatlarini rivojlantirish, tadbirkorlikni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, xususiy mulkni himoya qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga katta e'tibor qaratilyapti. Bu mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirmoqda. Shu nuqtai nazardan, Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasida soliq yukini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 25 foizgacha kamaytirish, sanoat ishlab chiqarishini 1,4 barobarga oshirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilangani e'tiborga molik.
Biz O'zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni olqishlaymiz. Uyushmamiz Xitoy kompaniyalarini O'zbekistondagi yangi va istiqbolli sohalarga sarmoya kiritishga faol undamoqda. Xitoy sarmoyalari Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasining maqsad va vazifalarini amalga oshirishga muhim hissa qo'shadi.
Sun Syaofen,
Xitoyning “Tayxe” tadqiqot va tahlil instituti bosh kotibi:
— 2022-2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida mamlakatni yanada rivojlantirishning kontseptual asoslari va aniq yo'nalishlari belgilab berilgan.
O'zbekiston va Xitoyda barqaror rivojlanish sohasida amalga oshirilayotgan dasturlarda o'xshashliklarni kuzataman. Misol uchun, mamlakatingizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga e'tibor kuchaytirilmoqda. Bu masalaga Xitoyda ham ustuvor ahamiyat qaratiladi. Xitoyda ko'p yillardan buyon mamlakat bo'ylab daraxt ekish bo'yicha umummilliy harakat davom etyapti. O'zbekistonda “Yashil makon” loyihasi faol amalga oshirilmoqda.
Yangi strategiyada Orol dengizining qurib qolgan tubida yashil maydonlar yaratish, ularning umumiy maydonini 2026-yil oxirigacha 2,5 million gektarga etkazish vazifasi belgilangani ham muhim. Bu biologik xilma-xillikni muhofaza qilish va tuproq erroziyasining oldini olishga yordam beradi.
Tszyan Yungan,
Xitoy tarjimonlar uyushmasi vitse-prezidenti, “Jen`min` xuabao” nashriyot uyi direktori:
— Markaziy Osiyoga ixtisoslashgan mutaxassis sifatida ta'kidlamoqchimanki, O'zbekiston erishayotgan ulkan yutuqlar biz uchun juda quvonarli. Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi respublika barqaror rivojlanish sohasida yuksak marralarni ko'zlayotganidan dalolat beradi.
O'zbekistonning bugungi taraqqiyoti Xitoyning “islohotlar va ochiqlik siyosati” davrini eslatadi. Islohotlar orqali Xitoy milliy modernizatsiyani amalga oshirdi va bugungi kunda dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyotga aylandi.
Islohotlar milliy taraqqiyotda asosiy omil ekanini Xitoy va O'zbekiston tajribasi yaqqol isbotlab turibdi. O'zbekistonga bardavom taraqqiyot tilayman!
“Dunyo” AA
Pekin