Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Jamshid Qosimov va Shaxnoza Maxamatova professor-oʻqituvchilar va fakultet tyutorlari hamda talaba yoshlari ishtirok etdi.

Tadbirning davomida Oliy Majlis deputati Jamshid Qosimov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisidagi “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida demokratik islohotlar yoʻlini qatʼiy davom ettiramiz” nutqining mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi uchun muhim ahamiyati haqida talabalarga soʻzlab jumladan shunday dedi:

— Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi yetti yoʻnalishdan iborat etib belgilanganligi eʼtiborga molik. Mazkur hujjatda “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy gʻoya va bosh mezon sifatida belgilangan hamda “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil faoliyatining asosi hisoblanadi. Strategiya erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, adolat va qonun ustuvorligi – xalqchil davlat qurish, milliy iqtisodiyotni, uning oʻsish surʼatlarini zamon talablari darajasida rivojlantirish, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, sifatli taʼlim-tarbiya, maʼnaviy va maʼrifiy sohalardagi islohotlar, Qurolli Kuchlarimiz qudratini yanada oshirish singari muhim masalalarni qamrab olgan. Aholi bandligini taʼminlash, yoshlar va ishsiz fuqarolarni davlat hisobidan malakali kasb-hunarga oʻqitish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, ehtiyojmand aholini manzilli qoʻllab-quvvatlash orqali 2026-yilgacha kambagʻallikni ikki barobar qisqartirishni koʻzda tutadi—dedi.

Shahnoza Maxamatova mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan keng eʼtibor, barcha sohalarda yoshlarning oʻrni, ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan “Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonuni yoshlar hayotida muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida taʼkidladi. Tadbirda yoshlar oʻqib-oʻrganishi, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni egallashi, hunarli boʻlishi uchun ayni paytda qabul qilingan Davlat Dasturida koʻplab tashabbuslar ilgari surilgani, rejalar aytilgani haqida ham batafsil tushuntirilib, mamlakatimizda yoshlar faoliyatiga doir boshqa muhim qaror va farmonlar, qonunlar qabul qilinayotgani va unda yoshlarning ham taklif, fikr-mulohazalari oʻrin olayotganligi yoshlarga qaratilayotgan yuksak eʼtiborning namunasi ekanligi taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qoʻyishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan. Zero, yosh avlodda mustahkam vatanparvarlik gʻoyasi hamda qatʼiy fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish kechiktirib boʻlmaydigan vazifadir. Tadbir soʻngida yoshlarni qiziqtirgan barcha savollarga deputatlar tomonidan atroflicha javob berildi.

Baxromjon Ibragimov,

TDTU Mashinasozlik fakulteti

Yoshlar bilan ishlash boʻyicha dekan muovini.