Memorandumning maqsadi – tomonlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni oʻrnatish orqali nazariy va amaliy bilimlarni uygʻunlashtirish, neft va gaz sohasi uchun zarur boʻlgan yetuk kadrlarni birgalikda tayyorlash borasidagi hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishdan iborat.
Hamkorlik natijasida ilmiy-pedagog kadrlar uchun stajirovkalar tashkil etiladi. Shuningdek, talabalar, ilmiy ish olib borayotgan pedagoglarga amaliyotlarni oʻtash, malaka oshirish hamda kasbiy qayta tayyorlashni tashkil etishda koʻmaklashiladi.
Memorandum doirasida taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash maqsadida ixtisoslik fanlaridan laboratoriya ishlarini “Oʻzbekneftgaz” AJ tasarrufidagi korxonalarda tashkil etish ham nazarda tutilgan. Bundan tashqari bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash, qoʻshma ilmiy-tadqiqot loyihalarni amalga oshirish, qisqa muddatli oʻqitish kurslari, konferensiyalarni tashkil etish ham yoʻlga qoʻyiladi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati