Mazkur jarayonda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, xalqaro maydonda mamlakat nufuzini oshirish va eng muhimi, fuqarolarning davlat institutlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashning eng bosh sharti - korrupsiyaga qarshi izchil va murosasiz kurash olib borishdir. So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan “Korrupsiyaga qarshi kurash - umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishidir” degan hayotiy tamoyil sohadagi siyosatimizning bosh g‘oyasiga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-270-son Farmoni sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Ushbu hujjat va unga muvofiq joriy etilayotgan tizimlar BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT/OECD) standartlariga yuqori darajada mos keladi. Mavjud korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi davlat siyosati va mavjud standartlar o‘rtasidagi muvofiqlikni quyidagi omillar misolida ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi:

Ma’lumki, O‘zbekiston 2008 yilda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining “Korrupsiyaning oldini olish choralari”ga bag‘ishlangan II bobiga qo‘yilgan bo‘lib, uning talablariga mos tarzda poklik, hisobdorlik va ochiqlikni ta’minlovchi ichki tizimlarni yaratish talabi asosida siyosat olib boradi. Buni korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish tizimining joriy etilgani misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Yangi Farmon bilan davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi joriy etilmoqda. Bu Konvensiyaning 5- va 8-moddalaridagi ommaviy mansabdor shaxslarning pokligi va ichki nazorat (komplayens) tizimlarini mustahkamlash talabiga to‘liq hamohangdir.  Shuningdek, ayni paytda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida, yangi tartibga ko‘ra, fuqarolik jamiyati institutlariga jamoatchilik nazorati, eshituvi va monitoringini o‘tkazish bo‘yicha kengroq vakolatlar berilmoqda. Ushbu yondashuv BMT Konvensiyasining 13-moddasida belgilangan “jamiyatning ishtirokini rag‘batlantirish” prinsipiga mos keladi.

IHTT standartlariga to‘xtalgan holda, ularning asosan davlat boshqaruvini shaffoflashtirish, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish va xavf-xatarlarni oldindan baholashga yo‘naltirilganini ta’kidlash joiz. O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash siyosati doirasida olib borilayotgan islohotlar mavjud standartlarga to‘laqonli mos keladi. Buni “Raqamli komplayens” (“E-Komplaens”) tizimining joriy etilishi misolida ham ko‘rishimiz mumkin.  Yangi hujjatga muvofiq, 2026-yil yakuniga qadar to‘liq ishga tushirilishi lozim bo‘lgan “Raqamli komplayens” axborot dasturiy kompleksi davlat idoralaridagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni inson omilisiz, avtomatlashtirilgan tarzda baholash imkonini beradi. Ta’kidlash joizki, IHTT davlat boshqaruvida raqamli texnologiyalarni qo‘llash orqali ma’muriy to‘siqlarni kamaytirishni eng samarali usul deb hisoblaydi. Ayni paytda, O‘zbekistogn Respublikasida investitsiya loyihalarini xalqaro standartlar asosida baholash tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tizimida investitsiya loyihalariga IHTT standartlarini tizimli joriy etish va ularni korrupsiyaga qarshi mezonlar asosida baholash mexanizmini joriy qilish ko‘zda tutilgan. Mavjud yondashuv xorijiy investorlar uchun kafolatlarni yanada oshirish imkonini beradi. Korrupsiyaga qarshi kurash borasida olib borilayotgan davlat siyosatining muhim yutuqlaridan biri sifatida IACA (Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro akademiyasi) bilan integratsiyalashuv jarayonining yo‘lga qo‘yilganligini misol qilib keltirishimiz mumkin bo‘ladi. Yangi chora-tadbirlar rejasida 2026-yil avgust oyiga qadar O‘zbekistonning ushbu nufuzli xalqaro akademiyaga qo‘shilishi belgilangan. Bu milliy kadrlarni IHTT va boshqa xalqaro tuzilmalar standartlari asosida o‘qitishga imkon beradi.

Endilikda korrupsiyaga qarshi kurash faqatgina oqibatlar bilan kurashish emas, balki tizimli omillarni raqamlashtirish va institutsional islohotlar orqali barvaqt bartaraf etish bosqichiga o‘tdi. Ayniqsa, milliy qonunchilikning xalqaro andozalar bilan uyg‘unlashtirilishi, davlat xizmatida ochiqlik va hisobdorlikning kuchaytirilishi Yangi O‘zbekiston antikorrupsiya siyosatining strategik ustuvorligini belgilab bermoqda. Shunga ko‘ra, yurtimizda ushbu illatga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan eng yangi huquqiy mehanizmlar, ularning xalqaro majburiyatlar va ilg‘or dunyo standartlariga mosligi hamda amaliyotga joriy etilayotgan zamonaviy raqamli yechimlar tahliliga alohida e’tibor qaratishimiz lozim bo‘ladi.

2026-yilning 23-iyun kuni korrupsiya uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan yangi qonun kuchga kirdi. Ushbu qonunning qabul qilinishi, bu borada olib borilayotgan davlat siyosati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi davlat siyosati natijasida qonunchilikka muayyan o‘zgarishlar kiritilishi kutilmoqda. Ayni paytda, korrupsion jinoyatlar ro‘yxati Jinoyat kodeksining bir qator moddalari yoki ularning ayrim dispozitsiyalaridan iborat tarzda shakllantirildi. Qonun bilan, korrupsiyaga oid jinoyatlar ro‘yxati va korrupsionerlarga nisbatan joriy etiladigan cheklovlar belgilandi. Mazkur qonunni qabul qilishdan ko‘zlangan maqsad, eski tizimdagi mavjud bo‘shliqlarni barataraf qilish hamda O‘zbekistonning Transparency International kabi xalqaro reytinglardagi korrupsiyadan holi bo‘lgan davlat sifatidagi o‘rni va nufuzini oshirishdan  iborat. Ma’lumki, Transparency International 182 ta mamlakatni qamrab oluvchi Korrupsiyani idrok etish indeksi davlat sektoridagi korrupsiyaning yetakchi global ko‘rsatkichi hisoblanadi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston 31 ball to‘plab, 182 tadan 124-o‘rinni egallagan. Mazkur maqsaddan kelib chiqqan holda, bu boradagi izchil siyosvat davom ettirilmoqda.

Shunga ko‘ra, endilikda, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalari, jumladan, 167-moddaning 3-qismi “d” bandi  (mansab mavqeini suiiste’mol qilish orqali sodir etilgan o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-moddaning 4-qismi “g” bandi (xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik), 1929-modda (tijoratda pora evaziga og‘dirib olish, 19210-modda (Nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish), 19211-moddaning 2-qismi “v” bandi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan g‘arazgo‘ylik niyatlarida o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish, 205-moddaning 2-qismi “v” bandi (g‘arazgo‘ylik niyatlarida hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 206-moddaning 2-qismi “v” bandi (g‘arazgo‘ylik niyatlarida hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 208-moddaning 2-qismi (g‘arazgo‘ylik niyatlarida sodir etilgan hokimiyat harakatsizligi), 209-moddaning 2-qismi “v” bandi (g‘arazgo‘ylik niyatlarida sodir etilgan mansab soxtakorligi), 210-modda (pora olish), 211-modda (pora berish, 212-modda (pora olish-berishda vositachilik qilish), 213-modda (davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish), 214-modda (davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi), 2141-modda (sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi), 2142-modda (sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarini pora evaziga og‘dirib olish) hamda 301-moddaning 2-qismi “b” bandi (harbiy mansabdorlar orasida g‘arazgo‘ylik niyatlarida sodir etilgan hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi)da ko‘rsatilgan jinoyatlar korrupsiyaga oid jinoyat sifatida e’tirof etiladigan bo‘ldi.

Yangi qonunning markaziy nuqtalaridan biri, korrupsion jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda yuritiladigan elektron reyestri shakllantirilishi bilan bog‘liq. Mazkur ro‘yxatdan joy olgan shaxslarga nisbatan bir qator cheklovlar joriy qilish ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, reyestrga kiritilgan shaxslarning davlat xizmatiga kirishi va davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi, davlat ulushi 50%dan yuqori bo‘lgan tashkilot va davlat ta’lim muassasalariga rahbarlik qilishi, davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari va idoralararo kollegial organlarning a’zosi bo‘lishi hamda saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodining ko‘rsatilishi taqiqlanadi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, Yangi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash siyosati deklarativ bayonotlar bosqichidan o‘tib, aniq javobgarlik va raqamli nazoratga asoslangan qat’iy institutsional tizimga aylandi. 2026 yilning 23 iyunidan kuchga kirgan yangi qonun hamda Jinoyat kodeksining 20 ga yaqin moddalarida korrupsiyaviy jinoyatlar chegarasining aniq belgilanishi milliy huquq tizimidagi ko‘p yillik bo‘shliqlarga chek qo‘yadi. Ayniqsa, mamlakat tarixida ilk bor “korrupsionerlar elektron reyestri”ning joriy etilishi va unga kiritilgan shaxslarga nisbatan davlat xizmatida rahbarlik qilish, saylanish va davlat mukofotlarini olish kabi masalalarda qat’iy taqiqlarning belgilanishi tizimning tozaligini ta’minlashda eng samarali “filtr” vazifasini o‘taydi. Istiqboldagi prognozlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu tizimli qadamlar yaqin yillarda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi investitsiyaviy jozibadorligini tubdan oshiradi. Transparency International tashkilotining Korrupsiyani idrok etish indeksida 2025 yil yakunlari bo‘yicha egallangan 124-o‘rindan yuqoriga ko‘tarilish nafaqat nufuz masalasi, balki iqtisodiyotga toza va yirik xorijiy kapitalning kirib kelishi uchun kafolatdir. Xulosa qilib aytganda, ushbu yangi qonunchilik tizimi Yangi O‘zbekistonning nafaqat iqtisodiy yoki ijtimoiy, balki huquqiy va ma’naviy jihatdan ham transformatsiya bosqichiga qadam qo‘yganining yaqqol dalilidir. Endigi vazifa - ushbu qat’iy siyosiy irodani jamiyatning har bir bo‘g‘inida sodiqlik bilan ijro etishdan iborat.

Madaminova Durdona,
Toshkent davlat yuridik universiteti
“Davlat boshqaruvi” sho‘basi
 professori v.b., DSc