Avvallari nodavlat notijorat tashkilotlari haqida gap ketganda davlatning yordami va eʼtiboridan chetroqda qolgandek edi goʻyo. Bugun esa nodavlat notijorat tashkilotlari nafaqat oʻzining tashabbuskorligi orqali koʻplab sohalarni qamrab oldi, balki muhim ijtimoiy vazifalarni ham bajarib kelmoqda. Bunday faol rivojlanish ortida albatta yurtboshimiz tomonidan yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, imkoniyatlar, imtiyozlar, nodavlat notijorat tashkilotlari maqomini koʻtarish borasida olib borilayotgan islohotlar yotganligi va oqilona siyosat natijasi ekanligi hech kimga sir emas.

Soʻnggi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash, davlat organlari va ular oʻrtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish hamda taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasida izchil ishlar olib borilmoqdayu

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga oid bir qator qarorlari va farmonlari shunchalik darajada imkoniyatlar eshigini keng ochdiki, bugungi kunda Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi oʻzining atrofiga minglab aʼzolarini birlashtira oldi. Har bir aʼzo tashkilotlar bugungi kunda Assotsiatsiya bilan hamkorlikda tadbirlar oʻtkazish, Davlat boshqaruvi akademiyasining malaka oshirish oʻquv kurslarida oʻqish, NNT uylarini olish, nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan eʼlon qilingan grant loyihalarini yutib olish va gʻoliblikni qoʻlga kiritish imkoniyatlariga ega.

Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shakllarida qoʻllab-quvvatlash va jamoat fondlariga yildan yilga mablagʻlar ajratishning oshirilib borilishi quvonarli hol albatta. Shunga yarasha milliy assotsiatsiya yuqori turuvchi tashkilotlarga qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritishni oshirib borishni, mamlakatimizda eʼlon qilinadigan yilga oid davlat dasturida ishtirok etayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari sonini va har bir davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatida fuqarolar tashabbusi bilan tashkil etilgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining sonini yuqori darajaga olib chiqishni oʻzining odiga maqsad qilib qoʻygan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni 2021-yildan 2025-yilgacha 50 tadan 250 taga yetkazish belgilangan. Shu bilan birgalikda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksi joriy qilinadi va unga koʻra har yil yakunlari boʻyicha nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, ijtimoiy sheriklik darajasi, ajratilgan subsidiya, grant va ijtimoiy buyurtmalar natijadorligi va boshqa muhim faoliyat koʻrsatkichlariga asosan ularning reytingi tuziladi hamda milliy assotsiatsiyasi va Adliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda shakllantirilib, indeks natijalari rasmiy veb-saytlarda eʼlon qilib boriladi.

Davlatimiz tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati bilan bogʻliq keng koʻlamli islohotlarning olib borilayotganligi, imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratilib berilayotganligi har bir xodimning yangi Oʻzbekistonda yangicha kayfiyat bilan ishlashlari uchun zamin yaratishi shubhasiz.

Orif TINIBEKOV,

Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari

milliy assotsiatsiyasi bosh mutaxassisi