“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati” jamoasi chempion

    Jurnalistlar uyushmasi tomonidan ilk bor tashkil etilgan mazkur sport musobaqalarida 30 dan ortiq markaziy ommaviy axborot vositalaridan 200 ga yaqin jurnalistlar ishtirok etdi.

    Shu kunlarda 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uning Toshkent shahar boʻlimi hamda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamkorligida sportning voleybol va badminton turlari boʻyicha jurnalistlar oʻrtasida musobaqalar oʻtkazildi.

    Jurnalistlar uyushmasi tomonidan ilk bor tashkil etilgan mazkur sport musobaqalarida 30 dan ortiq markaziy ommaviy axborot vositalaridan 200 ga yaqin jurnalistlar ishtirok etdi.

    Voleybol bahslarida jami 13 ta jamoa, batminton bellashuvlarida esa 50ga yaqin ishtirokchi qatnashdi.

    Xususan, “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati” jamoasi ham voleybol musobaqalarida faol ishtirok etib, munosib oʻyin koʻrsatdi.

    Taʼkidlash joizki, bu kabi bellashuvlarda jamoamiz ilk bor ishtirok etmoqda.

    Vakillarimiz guruhdan “OʻzJOKU”, “Milliy TV” jamoalarini magʻlubiyatga uchratib, 1/8 finalga muvaffaqiyatli chiqdi va “Renessans TV” jamoasi ustidan ishonchli gʻalaba qozonib, yarim finalga yoʻl oldi. Yarim finalda esa “Sport TV” jamoasi ustidan ham jamoamiz qoʻli baland keldi.

    Jamoaning oʻyin taktikasi, oʻyinchilarning bir-birini oʻzaro tushunib, hamkorlikdagi hujumlari har bir guruh oʻyinlarida raqiblarga imkoniyat qoldirmadi.

    Jamoamiz vakillari 22-iyun kuni finalda “Yoshlar” teleradiokompaniyasi jamoasi bilan toʻqnashdi.

    Shunday qilib, soʻnggi oʻyin murosasiz kechdi. Raqib jamoa ham gʻoliblik uchun bor imkoniyatini ishga soldi. “Yangi Oʻzbekiston” voleybol oʻyinida ham oʻz soʻzini aytdi va musobaqa gʻolibi boʻldi.

    Yana bir eʼtiborli jihati, shu paytga qadar bosma nashrlar – gazeta tahririyatlari xodimlari ishtirokida shakllangan jamoalar finalgacha yetib kelmagan. Hamisha yarim final va final bahslarida MTRK jamoalari ishtirok etgan va gʻolib boʻlgan.

    Bu ham albatta tahririyatimizda xodimlar oʻrtasida oʻtkazib kelinayotgan sogʻlom turmush tarzi targʻiboti, turli sport oʻyinlarining mevasidir.

    Jurnalistlar oʻrtasida oʻtkazilgan sport musobaqalari gʻoliblari

    Voleybol boʻyicha musobaqa gʻoliblari (Ayollar)

    1. “Yoshlar” teleradiokanali jamoasi (1-oʻrin)

    2. “Sport” teleradiokanali jamoasi (2-oʻrin)

    3. “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari jamoasi (3-oʻrin)

    Voleybol boʻyicha musobaqa gʻoliblari (Erkaklar)

    1. “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari jamoasi

    2. “Yoshlar” teleradiokanali jamoasi

    3. “Oʻzbekiston” teleradiokanali jamoasi

    Badminton boʻyicha musobaqa gʻoliblari (Ayollar)

    1. Raximova Xalida Yoshlar telekanali hisobchisi (1-oʻrin)

    2. Irgasheva Dilorom OʻzMTRK Media markaz muhandisi (2-oʻrin)

    3. Toshpoʻlatova Nazira OʻzJOKU kafedra mudiri, professor (3-oʻrin)

    Badminton boʻyicha musobaqa gʻoliblari (Erkaklar)

    1. “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari tahririyati bosh muharriri Husan Ermatov (1-oʻrin)

    2. Usmonov Najibulla OʻzMTRK boshqarma boshligʻi (2-oʻrin)

    3. Akbarov Suhrob OʻzMTRK boʻlim boshligʻi (3-oʻrin)