Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi majlislar zalida boʻlib oʻtgan "Coʻz, fikr va axborot erkinligi: xalqaro-huquqiy asoslar” kitobining taqdimotida Yangi Oʻzbekistonda yangi soʻz erkinligi muhiti shakllangani alohida taʼkidlandi. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tayyorlangan mazkur kitob ham shu ezgu muhitning moʻjaz samaralaridandir.

Tadbir Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Taqdimotga Agentlikning Nashriyot-matbaa sohasi va kitob savdosini rivojlantirish boʻlimi bosh mutaxassisi Muhiddin Omonov moderatorlik qildi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Markaz tashabbusi bilan nashr etilgan “Soʻz, fikr va axborot erkinligi: xalqaro-huquqiy asoslar” nomli kitob Vindxuk deklaratsiyasining 30 yilligiga moʻjaz tuhfa boʻlganini qayd etdi. “Inson huquqlari kutubxonasi” turkumi doirasida nashr etilgan ushbu toʻplamda bir qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida qabul qilingan 48 ta xalqaro-huquqiy hujjatning soʻz, fikr va axborot erkinligiga doir qoidalari jamlangan.

Toʻplamning birinchi bobida Birlashgan Millatlar Tashkiloti, YUNESKO va Xalqaro Qizil Xoch Qoʻmitasining inson huquqlari boʻyicha xalqaro shartnomalaridagi soʻz, fikr va axborot erkinligiga doir normalardan namunalar keltirilgan. Uchta muhim xalqaro-huquqiy hujjat – Raqamli texnologiyalar davrida fikrni ifoda etish va saylovlar erkinligi toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiya, Xalqaro raddiya huquqi toʻgʻrisidagi konvensiya hamda Mustaqil va plyuralistik Afrika matbuotini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida Vindxuk deklaratsiyasi toʻliq holda va ilk bor oʻzbek tilida chop etilgan.

Toʻplamning ikkinchi bobida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Kengashi, Amerika davlatlari tashkiloti, Afrika davlatlari tashkiloti va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mintaqaviy hujjatlarining soʻz, fikr va axborot erkinligi bilan bogʻliq normalari taqdim etilgan. Bunda Yevropa Kengashining Fikrni ifodalash va axborot erkinligi toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi, Inson huquqlari toʻgʻrisidagi Amerika konvensiyasi, Inson va xalqlar huquqlari toʻgʻrisidagi Afrika xartiyasi, shuningdek MDHning Inson huquqlari va asosiy erkinliklari toʻgʻrisidagi konvensiyasidagi soʻz, fikr va axborot erkinligiga doir normalar kitobxon eʼtiboriga havola qilingan.

Toʻplamning uchinchi bobida nohukumat yoʻnalishdagi xalqaro anjumanlar va nodavlat tashkilotlar qabul qilgan soʻz, fikr va axborot erkinligiga taalluqli xalqaro-huquqiy hujjatlar jamlangan. Ayniqsa, Yoxannesburg prinsiplari, Sofiya Deklaratsiyasi, Talluar Deklaratsiyasi kabi xalqaro hujjatlar, bir tomondan, fikrni ifodalash va axborot erkinligi borasidagi muhim qoidalari bilan mashhur boʻlsa, ikkinchi tomondan, ushbu hujjatlarning matni birinchi marta oʻzbek kitobxoniga davlat tilida taqdim etilgani ahamiyatlidir.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, yozuvchi va jurnalist Xurshid Doʻstmuhammad qayd etganidek, huquq va odob – shaxsning oʻzidan boshlanadi. Shu maʼnoda, maʼrifiy targʻibot koʻlami va miqyosini imkon qadar oshirish lozim. Binobarin, huquqiy savodsizlik holatlari toʻla barham topmagan, qolaversa, xalqaro-huquqiy hujjatlarning davlat tilidagi matnlarini topib oʻqish oson boʻlmagan hozirgi vaziyatda “Soʻz, fikr va axborot erkinligi: xalqaro-huquqiy asoslar” kabi kitoblarni oʻqishdan avvalo shaxs, demakki butun jamiyat manfaat koʻradi.

Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Bosma OAV va noshirlik ishi fakulteti dekani, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Akbar Nurmatov taqdim etilgan toʻplam huquqshunoslar, jurnalistlar va shu sohaga qiziquvchi barcha kitobxonlarga moʻljallangani juda muhim ekaniga eʼtibor qaratdi. “Inson huquqlari kutubxonasi” turkumida yangi nashrdan chiqqan va taqdimot doirasida ishtirokchilarga tarqatilgan boshqa kitoblarning ahamiyati xususida ham atroflicha fikr yuritdi.

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarovning fikricha, qariyb ellikta xalqaro-huquqiy hujjatning soʻz, fikr va axborot erkinligiga doir qoidalarini oʻzida jamlagan “Soʻz, fikr va axborot erkinligi: xalqaro-huquqiy asoslar” kitobi, shuningdek 2 mingdan ortiq maxsus atamaning oʻzbek, ingliz va rus tillaridagi tarjimalari oʻz mujassamini topgan “Inson huquqlari boʻyicha atamalar lugʻati” hamda saylov huquqi borasidagi 500 dan ziyod tushuncha kiritilgan “Saylov huquqi atamalari lugʻati”ning nashrdan chiqarilgani va begʻaraz tarqatilayotgani Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining maʼrifatparvar ajdodlarimiz anʼanalariga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Taqdimot doirasida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga koʻtarish istiqbollari haqida ham soʻz bordi.

Gʻulom MIRZAYEV,

Inson huquqlari boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati rahbari