“Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti oʻz egalarini topdi

    Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan joriy yilgi koʻrik-tanlovda teatr, kino, estrada, anʼanaviy ijrochilik, sirk, askiya, baxshichilik singari 20 ta nominatsiya boʻyicha yilning eng yaxshilari taqdirlandi.

    Poytaxtimizda “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʼat milliy mukofoti gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan joriy yilgi koʻrik-tanlovda teatr, kino, estrada, anʼanaviy ijrochilik, sirk, askiya, baxshichilik singari 20 ta nominatsiya boʻyicha yilning eng yaxshilari taqdirlandi.

    Dastlab nomzodlar yil yakuni boʻyicha ijodiy faoliyatida erishgan yutuqlaridan kelib chiqqan holda “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʼat milliy mukofoti komissiyasi tomonidan tanlab olingan boʻlsa, har bir nominatsiya boʻyicha eng yaxshi 3 nafar nomzod tanlab olinib, milliytanlov.uz platformasi orqali ovozga qoʻyildi. Yaʼni gʻoliblar jamoatchilik tomonidan aniqlandi.

    Kino, teatr va ommaviy tomoshalar yoʻnalishida “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʼat milliy mukofotini qoʻlga kiritganlar:

    Yilning eng yaxshi askiyachisi - Mamasidiq Alixonov

    Yilning eng yaxshi sirk artisti - Yunus Boboqulov

    Yilning eng yaxshi qoʻgʻirchoq spektakli – “Choʻpon afsonasi” spektakli (Qoraqalpoq davlat qoʻgʻirchoq teatri)

    Yilning eng yaxshi badiiy filmi – “Oʻzbek qizi”

    Yilning eng yaxshi spektakli – “Layli va Majnun”

    Yilning eng yaxshi teatr rejissori - Doston Xaqberdiyev

    Yilning eng yaxshi teatr aktyori - Azizbek Nazarimbetov

    Yilning eng yaxshi teatr aktrisasi - Shoxsanam Obloqulova

    Tasviriy va amaliy sanʼat yoʻnalishida Yangi Oʻzbekiston yulduzlari madaniyat va sanʼat milliy mukofotini qoʻlga kiritganlar:

    Yilning eng yaxshi aholiga xizmat qilgan kutubxonasi – Surxondaryo viloyati Koʻzi ojizlar maxsus kutubxonasi (Xusan Islomqulov)

    Yilning eng yaxshi milliy madaniyat markazi – Oʻzbekiston qozoq milliy madaniyat markazi

    Yilning eng yaxshi adibi (shoiri) – Iqbol Mirzo

    Yil kashfiyoti – Zohidjon Jumanazarov

    Estrada va anʼanaviy, opera xonandaligi, musiqa ijrochiligi va raqs sanʼati yoʻnalishida Yangi Oʻzbekiston yulduzlari madaniyat va sanʼat milliy mukofotini qoʻlga kiritganlar:

    Yilning eng yaxshi anʼanaviy ayol xonandasi – Mohichehra Jumanova

    Yilning eng yaxshi anʼanaviy erkak xonandasi – Eldorbek Maxsudov

    Yilning eng yaxshi simfonik orkestri – Milliy simfonik orkestri (Alibek Abdurahmonov)

    Yilning eng yaxshi raqqosasi – Moxina Ergasheva

    Yilning eng yaxshi opera ijrochisi – Aminzoda Jumaniyozov

    Yilning eng yosh baxshisi – Azamat Elmuratov

    Yilning eng yaxshi estrada ayol xonandasi – Afruza

    Yilning eng yaxshi estrada erkak xonandasi – Janob Rasul

    Eslatib oʻtamiz, hukumat qarori bilan mamlakatimiz madaniyati va sanʼatini yuksaltirish, uning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishda salmoqli, serqirra ijodi bilan katta hissa qoʻshgan isteʼdodli ijodkorlarni har yili anʼanaviy tarzda “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti bilan taqdirlash belgilangan. Mukofotga teatr, sirk, musiqa sohasining estrada, anʼanaviy, akademik, folklor, bastakorlik, kompozitorlik, raqs, shuningdek, tasviriy va amaliy sanʼat, badiiy ijod hamda madaniyat va sanʼatning boshqa yoʻnalishlarida faoliyat yuritayotgan soha vakillari orasidan nomzodlar koʻrsatilishi mumkin.

    Mukofotga sazovor boʻlgan ijodkorlar bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi hamda maxsus statuetka va sertifikat topshiriladi.