Poytaxtimizda “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʼat milliy mukofoti gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan joriy yilgi koʻrik-tanlovda teatr, kino, estrada, anʼanaviy ijrochilik, sirk, askiya, baxshichilik singari 20 ta nominatsiya boʻyicha yilning eng yaxshilari taqdirlandi.

Dastlab nomzodlar yil yakuni boʻyicha ijodiy faoliyatida erishgan yutuqlaridan kelib chiqqan holda “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʼat milliy mukofoti komissiyasi tomonidan tanlab olingan boʻlsa, har bir nominatsiya boʻyicha eng yaxshi 3 nafar nomzod tanlab olinib, milliytanlov.uz platformasi orqali ovozga qoʻyildi. Yaʼni gʻoliblar jamoatchilik tomonidan aniqlandi.

Kino, teatr va ommaviy tomoshalar yoʻnalishida “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʼat milliy mukofotini qoʻlga kiritganlar:

Yilning eng yaxshi askiyachisi - Mamasidiq Alixonov

Yilning eng yaxshi sirk artisti - Yunus Boboqulov

Yilning eng yaxshi qoʻgʻirchoq spektakli – “Choʻpon afsonasi” spektakli (Qoraqalpoq davlat qoʻgʻirchoq teatri)

Yilning eng yaxshi badiiy filmi – “Oʻzbek qizi”

Yilning eng yaxshi spektakli – “Layli va Majnun”

Yilning eng yaxshi teatr rejissori - Doston Xaqberdiyev

Yilning eng yaxshi teatr aktyori - Azizbek Nazarimbetov

Yilning eng yaxshi teatr aktrisasi - Shoxsanam Obloqulova

 

Tasviriy va amaliy sanʼat yoʻnalishida Yangi Oʻzbekiston yulduzlari madaniyat va sanʼat milliy mukofotini qoʻlga kiritganlar:

Yilning eng yaxshi aholiga xizmat qilgan kutubxonasi – Surxondaryo viloyati Koʻzi ojizlar maxsus kutubxonasi (Xusan Islomqulov)

Yilning eng yaxshi milliy madaniyat markazi – Oʻzbekiston qozoq milliy madaniyat markazi

Yilning eng yaxshi adibi (shoiri) – Iqbol Mirzo

Yil kashfiyoti – Zohidjon Jumanazarov

 

Estrada va anʼanaviy, opera xonandaligi, musiqa ijrochiligi va raqs sanʼati yoʻnalishida Yangi Oʻzbekiston yulduzlari madaniyat va sanʼat milliy mukofotini qoʻlga kiritganlar:

Yilning eng yaxshi anʼanaviy ayol xonandasi – Mohichehra Jumanova

Yilning eng yaxshi anʼanaviy erkak xonandasi – Eldorbek Maxsudov

Yilning eng yaxshi simfonik orkestri – Milliy simfonik orkestri (Alibek Abdurahmonov)

Yilning eng yaxshi raqqosasi – Moxina Ergasheva

Yilning eng yaxshi opera ijrochisi – Aminzoda Jumaniyozov

Yilning eng yosh baxshisi – Azamat Elmuratov

Yilning eng yaxshi estrada ayol xonandasi – Afruza

Yilning eng yaxshi estrada erkak xonandasi – Janob Rasul

Eslatib oʻtamiz, hukumat qarori bilan mamlakatimiz madaniyati va sanʼatini yuksaltirish, uning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishda salmoqli, serqirra ijodi bilan katta hissa qoʻshgan isteʼdodli ijodkorlarni har yili anʼanaviy tarzda “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti bilan taqdirlash belgilangan. Mukofotga teatr, sirk, musiqa sohasining estrada, anʼanaviy, akademik, folklor, bastakorlik, kompozitorlik, raqs, shuningdek, tasviriy va amaliy sanʼat, badiiy ijod hamda madaniyat va sanʼatning boshqa yoʻnalishlarida faoliyat yuritayotgan soha vakillari orasidan nomzodlar koʻrsatilishi mumkin.

Mukofotga sazovor boʻlgan ijodkorlar bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi hamda maxsus statuetka va sertifikat topshiriladi.