Yangi Oʻzbekiston ziyolisi boʻlish — ulkan baxt

    Bugun ona vatanimizning har bir goʻshasida, har bir yurtdoshimizning qalbida istiqlol sururi, mustaqillik shukronasi joʻsh urmoqda. Xalqimizning amalga oshirilayotgan insonparvar islohotlardan minnatdorligi, kundan kunga farovonlashib borayotgani hayotidan roziligi yaqqol namoyon boʻlmoqda.

    Yuksak istiqbol sari munosib odimlar bilan ilgarilab borayotgan Yangi Oʻzbekistonimizning bugungi qaddi, ulkan maqsadlari vatanparvar ajdodlarimiz, maʼrifatparvar yurtdoshlarimizning azaliy orzulariga hamohang kelayotgani ham behad quvonarlidir. Ayniqsa, mamlakatimiz taʼlim sohasidagi yangilanishlar, xususan, oliy taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar alohida eʼtiborga molikdir.

    Bugungi kunda “ilm olaman, yuksalaman”, degan har bir yosh uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilayotgani, yurtimiz oliy taʼlim muassasalarida taʼlim va tarbiya sifati xalqaro andozalarga koʻtarilgani fikrimizning dalilidir.

    Aytish kerakki, zamonaviy va rivojlangan jamiyatni ilm-maʼrifat va taʼlim taraqqiyotisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Har qanday maqsad va islohotlar natijadorligiga ham ilm-fan bilan yetib borilishi ham ayni haqiqatdir.

    Men Yangi Renessans ostonasida turgan Yangi Oʻzbekiston farzandi, qolaversa, shu Vatanning ilmli, barkamol yoshlarini tarbiyalash yoʻlida mehnat qilib kelayotgan yosh olimlaridan biri sifatida ona xalqimizning bugungi toleyi, har bir sohadagi ezgu yangilanishlar, jamiyatimiz farovonligiga boqib, cheksiz shodumonlik hissini tuyaman.

    Soʻnggi yillarda yurtimizda yaratilgan ulkan imkoniyatlar va yosh tadqiqotchilarga koʻrsatilgan eʼtibor sabab tilshunoslik yoʻnalishida filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktorligi dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilishga erishdim. Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyevning ilm ahliga boʻlgan yuksak mehri, taʼlim sohasi fidoyilariga bildirgan ishonch va ragʻbatidan katta kuch olib, oʻtgan yili filologiya fanlari doktorligi (DSc) dissertatsiyani yoqladim. Har gal biror ezgu ish yoki yangi ilmiy izlanishlarimni boshlaganimda yurtboshimizning Vatanimiz yoshlariga qarata “Siz osmonni olaman, desangiz, nechun yelkamni tutib bermayin!” degan oʻtli soʻzlarini eslab, yangidan kuchga toʻlaman.

    Aytmoqchi boʻlganim, men oʻz hayotim misolida ilm yoʻlini tanlagan yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan saʼy-harakatlardan cheksiz minnatdorman, oʻz navbatida, bu eʼtibor va gʻamxoʻrliklarga munosiblik orzusi qalbimda joʻsh uradi.

    Bugun “Bir boʻlsak –yagona xalqmiz, birlashsak –Vatanmiz!” shiori butun xalqimiz, jumladan, biz ziyolilarning yurak-yuragida aks-sado bermoqda. Darhaqiqat, birlik, birlashish degan eng oliy tamoyillar millatni millat, Vatanni Vatan qiladi, yurtning barqarorligini taʼminlaydi. Ulkan imoratning mustahkamligi va mukammalligida bir dona gʻishtning ham ahamiyati katta boʻlganidek, shu yurtning bugungi saodati, ertangi taraqqiyotida har birimizning oʻz ulushimiz, oʻz hissamiz, albatta, boʻlmogʻi kerak. Men yurtimning maʼrifatparvar fidoiylari, xususan, Fargʻona davlat universitetining jonkuyar va zahmatkash ziyolilari, ulugʻ ustozlarimiz izidan borishga, Ona Oʻzbekistonimizning yosh maʼrifatli avlodi safida ilgarilashga ahdliman. Muhtaram Prezidentimizning yoshlarga qarata “Marrani baland oling! Siz buyuk ishlarga qodirsiz!” degan daʼvatlaridan kuchimizga kuch qoʻshiladi.

    Mamlakatimiz oliy taʼlim tizimidagi yangilanishlar, qolaversa, universitetimiz rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Bahodirjon Shermuhammadov boshchiligidagi izchil saʼy-harakatlar esa bizni Yangi Oʻzbekiston ziyolisi boʻlishdek ulkan baxtga munosib mehnat qilishga, Fargʻona olimlari, Fargʻona yoshlarining imkoniyatlari qay darajada ulkan ekanligini butun dunyoga namoyon etishga ruhlantiraveradi.


    Dilmurod TESHABOYEV,

    Fargʻona davlat universiteti dotsenti,

    filologiya fanlari doktori (DSc).


    Hamkorlik materiali