“Yangi Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari” mavzusidagi Milliy maʼruza taqdimotiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi

    Fikr 4 Dekabr 2025 332

    2025-yil 1-dekabr kuni poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ga rasman start berilgan edi.

    Ushbu haftalik doirasida 3-dekabr kuni “Yangi Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari” mavzusidagi Milliy maʼruza taqdimotiga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi. Tadbir Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tashabbusi bilan Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi, “Yuksalish” harakati, Oʻzbekiston NNTlar milliy assotsiatsiyasi, Mahallalar uyushmasi va Milliy media birlashmasi hamkorligida tashkil etildi.

    Tadbirda davlat va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, mahalliy ekspertlar, ommaviy axborot vositalari vakillari — jami 100 ga yaqin mutaxassis ishtirok etdi.

    Dastlab, kirish soʻzi bilan Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Azamat Pardayev chiqish qildi va suhbat ishtirokchilariga Milliy maʼruzaning asosiy yoʻnalishlari, tahlil va xulosalarini taqdim etdi.

    Azamat Pardayev oʻz maʼruzasida quydagilarni bildirib oʻtdi:

    “Milliy maʼruzada fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar, tendensiyalar, islohotlar hamda sohani yanada rivojlantirish va yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha taklif va tavsiyalar qamrab olingan. Ushbu takliflar orasida eʼtiborga molik jihatlardan biri nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonunni yangi tahrirda qabul qilish zaruratidir. Shu bilan birga, sohaviy institutlarni rivojlantirishga doir boshqa muhim masalalarga ham alohida eʼtibor qaratilgan.”

    Davra suhbatida taʼkidlanishicha, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot bosqichida ilk bor tayyorlangan mazkur Milliy maʼruza mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlarni chuqur tahlil qilishga xizmat qiladi.

    Maʼruzaning asosiy maqsadi Oʻzbekistonda demokratik islohotlar natijasida shakllangan fuqarolik jamiyatining bugungi qiyofasini xolis baholash, erishilgan yutuqlar, zamonaviy chaqiriqlar va istiqboldagi strategik yoʻnalishlarni belgilashdan iborat.

    Milliy maʼruzadan oʻrin olgan tahlillarda fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlanish dinamikasi, ularning samarali faoliyati uchun yaratilgan huquqiy va institutsional sharoitlar, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarda ishtiroki kabi masalalar atroflicha yoritib berildi.

    Tadbirda qayd etilganidek, oxirgi yillarda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar sohada yangi bosqich boshlanishiga zamin yaratdi. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ilk bor “Fuqarolik jamiyati institutlari” deb nomlangan maxsus XIII bobning kiritilishi, fuqarolik jamiyatining maqomi va roli mustahkamlangani taʼkidlandi. Ushbu bob orqali jamoat birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, mahalla instituti va ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosiy institutlari sifatida belgilab qoʻyildi.

    Hozirgi kunda fuqarolik jamiyati faoliyatini tartibga solishga qaratilgan 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat amalda. 2021-yilda qabul qilingan “2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” sohadagi ishlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilganini tasdiqladi.

    Shuningdek, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida fuqarolik jamiyati institutlarini islohotlarga keng jalb qilish, mamlakatni ushbu sohada mintaqaviy xabga aylantirish maqsadi belgilab berilgan.

    2024-yil 26-avgustda Prezident farmoni bilan sohada muhim institutsional oʻzgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi va uning hududiy boʻlinmalari tashkil etildi. Dasturlarni moliyalashtirishda shaffoflikni taʼminlash maqsadida davlat grantlari, subsidiyalar va ijtimoiy buyurtmalarni ajratish boʻyicha yagona elektron platforma ishga tushirildi.

    2025-yilda fuqarolik jamiyati institutlarining muhim tashabbus va loyihalarini qoʻllab-quvvatlash uchun 1 trillion 200 milliard soʻm mablagʻ ajratilgani ham taʼkidlandi.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston NNTlar milliy assotsiatsiyasi raisiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va uning qoʻmitalari majlislarida NNTlar manfaatini ifodalovchi vakil sifatida ishtirok etish huquqi berildi.

    Bugungi kunda mamlakatimizda: 9 627 ta nodavlat notijorat tashkiloti, 9 008 ta mahalla fuqarolar yigʻini, 2 490 ta ommaviy axborot vositalari, 3 000 ga yaqin jamoat tuzilmalari faoliyat yuritmoqda va ularda 150 mingdan ortiq mutaxassis mehnat qilmoqda.

    Oʻzbekistonning mahalla tizimi boʻyicha shakllangan noyob tajribasi BMT, SHHT va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan yuqori baholanib, Markaziy Osiyo hamda rivojlanayotgan mamlakatlar uchun samarali model sifatida oʻrganilmoqda.

    Davra suhbatida ishtirokchilar fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, NNTlar faoliyatiga oid axborot taʼminotini kengaytirish, kadrlar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, grant menejmenti va ijtimoiy innovatsiyalarda raqobatbardoshlikni kuchaytirish, jamoatchilik kengashlari faoliyati samaradorligini oshirish borasida qator takliflarni ilgari surdilar.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Mahallalari uyushmasi boshqarmasi boshligʻi Xotamjon Ketmonov “Mahalla va NNTlar: Hamkorlik orqali ijtimoiy muammolarni hal qilish” mavzusida maʼruza qilib, sohadagi hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirish yuzasidan amaliy takliflarni bildirdi.

    Qizgʻin fikr almashuvlarga boy boʻlgan suhbat haftalikning yangicha gʻoyalar, tashabbuslar va innovatsion loyihalar uchun ochiq muloqot maydoni sifatidagi ahamiyatini yana bir bor tasdiqladi.

    Tadbir yakunlarida “Fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari”ga bagʻishlangan Milliy maʼruzadan kelib chiqqan taklif va xulosalar keng jamoatchilikka yetkazilishi qayd etildi. Maʼruza va haftalik doirasidagi faol muloqotlar fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, davlat va jamiyat oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

    Zulxumor AKBAROVA