Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda katta bunyodkor kuch

    sizlardan shijoat, intilish va yuksak vatanparvarlik kutamiz

    Assalomu alaykum, aziz farzandlarim, jigarbandlarim! Jonajon vatanimiz — yangi Oʻzbekiston bagʻrida voyaga yetayotgan qadrli bitiruvchilar!

    Mana, bugun siz uchun ham, biz — ustozrlar uchun ham gʻoyat, hayajonli, ayni damda nihoyatda quvonchli kun — “Soʻnggi qoʻngʻiroq” jaranglamoqda.

    Men kabi faxriy ustoz uchun har gal bu tantanali sadolarni eshitish koʻnglimni cheksiz iftixor va shukronalik tuygʻulariga toʻldiradi. Sizlarning yoshlik shijoati bilan yonib turgan koʻzlaringizga, kelajakka boʻlgan katta umid va ishonch bilan toʻla chehralaringizga boqib, beixtiyor oʻzimning yoshlik yillarimni, ilk pedagogik faoliyatimni boshlagan damlarimni eslayman…

    1949-yil 1-sentyabrda tuman markazidagi 1-oʻrta maktabga birinchi sinfga chiqqan edim. Bir oygacha maktabga yalang­oyoq borganman. Bobom rahmatli har kuni doʻkonga qatnaydi, lekin bolalar kalishi yoʻq. Bir kuni maktabdan qaytayotsam, bobom shunday xursand, “Qizim, mana, nihoyat doʻkonimizga kelibdi”, deb qoʻynidan yangi kalish chiqarib bergan edi. Oʻsha paytdagi xursandligimni oʻzingiz tasavvur qilavering.

    Bugun sizlarning kamolingizni koʻrib, qalbim togʻday yuksaladi, cheksiz faxr tuyaman. Bu qoʻngʻiroq sadosi shunchaki bir oʻquv mavsumining yakuni emas, balki siz uchun yangi, yanada masʼuliyatli, mustaqil hayot yoʻlining boshlanishidir. Bu yoʻl sizni yangi marralar, yangi zafarlar sari yetaklasin!

    Yodingizda tuting, sizlar ozod va obod, yangi Oʻzbekistonimizning baxtiyor avlodisiz. Qarang, bugun yurtimiz qanday keng imkoniyatlar maskaniga aylanib borayotir. Taʼlim tizimi tubdan isloh qilinib, zamon talablariga moslashtirilmoqda. Yangidan yangi, zamonaviy jihozlangan maktablar, ijod maktablari, Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari, texnikumlar, oliy oʻquv yurtlari barpo etilayotgani, ularda sizning puxta bilim olishingiz, oʻz iqtidoringizni toʻla namoyon etishingiz uchun barcha shart-sharoitlar yaratilayotgani buning yaqqol dalilidir. Qishloq joylarda ham shahardagidek imkoniyatlar yaratilayotgani, ayniqsa, quvonarli. Bu imkoniyatlardan toʻgʻri va unumli foydalanish, berilayotgan bilimlarni chuqur egallab, kelajakda vatanimiz ravnaqiga, xalqimiz farovonligiga munosib hissa qoʻshish sizning eng asosiy va sharafli burchingizdir.

    Men umrim davomida necha-necha avlod shogirdlarga saboq berdim, ularning birinchi qadamlaridan tortib, hayotda oʻz oʻrnini topib ketgunicha guvoh boʻldim. Ularning yutuqlari xalqimizga, vatanimizga naf keltirayotganidan cheksiz faxrlandim, har birining yutugʻini oʻzimning yutugʻimday qabul qildim. Ishonamanki, sizlar ham biz, ustozlarning, ota-onalaringizning ishonchini oqlaysizlar, bilim, odob-axloq, mehnatsevarligingiz bilan barchaga oʻrnak boʻlasizlar.

    Axir yoshlar — yurt tayanchi, millatning umid chirogʻi. Sizlarning teran bilimlaringiz, bitmas-tuganmas gʻayrat — shijoatingiz, vatanparvarlik tuygʻularingiz bilan yangi Oʻzbekistonimiz yanada kuchli va qudratli davlatga aylanadi, jahon hamjamiyatida munosib oʻrinni egallaydi.

    Azizlarim! Vatanparvarlik haqida koʻp gapiriladi. Ammo bu tuygʻu quruq soʻzlarda emas, amaliy ishlarda namoyon boʻlishi kerak. Vatanparvarlik — bu, avvalo, oʻz ona vataningni jonu dildan sevish, uning boy tarixi, betakror madaniyatini, ulugʻ ajdodlarimiz merosini chuqur bilish va qadrlash demakdir. Bu Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Najmiddin Kubro, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk siymolarimiz bilan faxrlanish, ularga munosib avlod boʻlishga intilishdir.

    Vatanparvarlik oʻz yurtingning har bir qarich yerini koʻz qorachigʻiday asrash, tabiatiga ozor bermaslik, boyliklarini koʻpaytirishga hissa qoʻshishdir. Siz qaysi sohani tanlamang, qaysi kasbni egallamang, oʻz ishingizni halol, vijdonan, yuksak mahorat bilan bajarsangiz, mana shu haqiqiy vatanparvarlik boʻladi.

    Hayot yoʻllaringizda doim shukronalik hissi bilan yashashni odat qiling. Shukronalik halol mehnatingiz, doimo olgʻa intilishingiz, tevarak-atrofga aqlu idrok, fahm-farosat ila munosabatingiz, yaxshiliklar sari dadil harakatingiz tufayli sizga nasib etadigan eng ajoyib fazilatdir. Shukronalik qanchadan qancha qi­yinchiliklarni mardonavor yengib oʻtish, doimo halol va pokiza boʻlish, sizga yaxshilikni ravo koʻrgan insonlarni umr boʻyi qadrlash, atrofingizdagilarga doimo samimiy munosabatda boʻlish zarur ekanini aslo esdan chiqarmasligingiz kabi tuygʻularni hadya etadi.

    Hamisha yurtimizdagi tinchlik-oso­yishtalik, millatlararo totuvlik kabi bebaho neʼmatlarning qadriga yeting. Bular oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq, Buning ­zamirida davlatimizning oqilona siyosati, xalqimizning birdamligi yotibdi.

    Bugungi kunda dunyoning ayrim mintaqalarida yuz berayotgan notinchliklar, ziddiyatlar haqida eshitganimizda, oʻqiganimizda, yurtimizdagi tinch va osuda hayot naqadar katta baxt ekanini yanada teranroq anglaymiz. Tinch yurtda ilm olish ham, mehnat qilish ham, orzu-niyatlarga erishish ham zavqli boʻladi. Tinchlik bor joyda bunyodkorlik, yaratuvchilik kayfiyati hukm suradi, farzandlar begʻubor kuladi, onalar xotirjam yotadi. Turli yot gʻoyalar, buzgʻunchi oqimlar taʼsiriga berilmang. Milliy oʻzligimizni, anʼana va urf-odatlarimizni asrang. Axir kuch birdamlikda, ahillikda, deydi dono xalqimiz.

    Maktab partasida sizga berilgan bilimlar kelajakdagi muvaffaqiyatlaringiz uchun mustahkam poydevordir. Ammo unutmangki, bugungi shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyoda birgina maktab bilimlari bilan cheklanib qolish mumkin emas.

    Bugungi kunda jahon miqyosida raqobat nihoyatda kuchli, faqatgina chuqur bilim, yuksak intellektual salohiyat va kuchli irodaga ega insonlargina hayotda munosib oʻrnini topadi, jamiyat rivojiga ulkan hissa qoʻsha oladi. Yangi Oʻzbekistonimizga aynan siz kabi bilimdon, zukko, tashabbuskor, dunyoqarashi keng va fidoyi yoshlar suv va havodek zarur.

    Katta hayotga qadam qoʻyar ekansiz, avvalo, insoniy fazilatlarni oʻzingizda mujassam eting. Halollik, poklik, rostgoʻylik, adolatparvarlik, kamtarlik, mehr-shafqat kabi ezgu hislar doimo hamrohingiz boʻlsin. Odamlarga yaxshilik qilishdan, muhtojlarga yordam qoʻlini choʻzishdan hech qachon charchamang.

    Sizlarga, aziz farzandlarimga chin yurakdan oq yoʻl tilayman! Oldingizda turgan katta va masʼuliyatli hayot yoʻllaringiz doimo nurafshon va barakali boʻlsin. Qaysi sohani tanlasangiz ham oʻsha sohaning yetuk mutaxassisi boʻlib yetishing. Katta umid bilan mustaqil hayot ostonasida turgan har biringizga mus­tahkam sogʻliq, baxt-saodat, bitmas-tuganmas kuch-gʻayrat va kelgusi oʻqishlaringiz hamda ish faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, zafarlar tilab qolaman. Yoʻlingiz ochiq, osmonimiz musaffo, kelajagingiz porloq boʻlsin!

    Anora MAHMUDOVA,

    Oʻzbekiston Qahramoni