Xususan, oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarining shaffofligi koʻplab oʻsib kelayotgan yoshlarning oʻz mehnat mahsullaridan unumli foydalanishlari, yaʼni oʻz bilimlari bilan talabalik baxtiga muyassar boʻlishlari, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan yoki moddiy jihatdan yetishmovchiliklari borligi sababli qiyinchiliklarga duch kelayotgan oilalarga imtiyozli kreditlarning berilishi yoki kontrakt summalarining butunlay toʻlab berilayotganligi kishini, albatta, mamnun etadi.
Xalqaro fan yoki sport olimpiadalarida munosib oʻrin olib, yurtimiz bayrogʻini yuksaklarga koʻtargan yoshlarning ajoyib taqdirlanishi, ilmu toliblarga barcha imkoniyatlarning taqdim etilayotganligi Oʻzbekiston farzandi ekanligimdan faxrlantiradi. Bundan tashqari, bilimga chanqoq yoshlarni bir joyga toʻplash va fikr almashish uchun tashkillashtirilayotgan summitlar, yozgi oromgohlar, turli konferensiya va debatlar bizni yanada izlanishga, harakat qilishga, yangi choʻqqilarni zabt etishga chorlaydi.
Ayniqsa, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkillashtirilgan “Ibrat” tillar oromgohi men kabi qatnashchilar uchun ajoyib motivatsiya boʻldi deb oʻylayman. Har mavsumda 400dan ortiq yoshlar bir hafta mobaynida soʻlim bir goʻshaga toʻplanib, koʻplab iqtidorga ega tengdoshlarimiz bilan fikr almashishimiz, yangi doʻstlar orttirishimiz, qoʻshimcha bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishimiz barchada unutilmas xotiralarni qoldirdi. Aynan oʻsha yerda yoshlarning qanchalik katta kuch ekanligini, yanada oʻz ustimda ishlashim kerakligini, orzu va maqsadlarimiz vaqti kelib baribir ushalishini anglaganman desam mubolagʻa boʻlmaydi.
Eng eʼtiborli jihati shundaki, yaqin yillar ichida aholi orasida kitobga boʻlgan munosabat ijobiy tomonga oʻzgardi. Har bir katta-yu kichikning qoʻlida turli xil mavzudagi kitoblarni koʻrish odatiy holga aylanib ulgurdi. Avvallari maktab oʻquvchilari faqatgina oliygoh imtihonlari uchun tayyorgarlik koʻrishar, badiiy kitoblarga deyarli hech kimda kuchli qiziqish yoʻq edi. Ammo hozirgi kunga kelib 7 yoshdan 70 yoshgacha insonlarning kitobga boʻlgan qiziqishi ortmoqda. Bu esa jamiyatimizning rivojlanishidan darak.
Xulosa qilib aytganda, Yurtboshimizning “Ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor oʻtmasin! Yoshlik — umrning eng bebaho davri. Ilm va bilim — oʻtda yonmaydigan, suvda choʻkmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang!” deb yoshlarga qaratib aytilgan mazkur soʻzlari har birimizga shior boʻlishi darkor. Shundagina oʻz koʻzlagan maqsadimizga erisha olamiz.
Kitob va ilm olishga boʻlgan qiziqishimiz hech qachon soʻnmasligi, hayotdagi asosiy missiyamizni toʻgʻri anglab olishimiz va yoʻlimizdagi toʻsiqlarga qaramay chekinmasligimiz barchamizni eng yuqori choʻqqilarga eltishiga ishonaman. Har bir kunimizdan unumli foydalangan holda oʻz-oʻzimizga savol berishimiz zarur: “Nega aynan shu diyorda va shu oilada dunyoga keldim?!”, “Hayotdagi oliy maqsadim nima?!”. Agarda biz mazkur savollarga toʻgʻri va toʻliq javob bera olsak, demak, oʻzligimizni qisman boʻlsada anglagan va harakat qilishga dastlabki qadamlar tashlagan hisoblanamiz.
Maqsad qanchalik toʻgʻri va aniq boʻlsa, harakat ham shunga munosib boʻladi deb bejizga aytishmagan. Asosiy missiyalarimizdan biri ona Vatanimizga va oilamizga xizmat qilish ekan, imkoniyatlarimizni qoʻldan boy bermaylik hamda ajdodlarimizga munosib, avlodlarimizga oʻrnak boʻlib yashash barchamizga nasib esin. Zero, Yangi Oʻzbekistonni birgalikda quramiz!
Sevinch Eshmatova,
TDYUU Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti talabasi








