Mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab olgan mazkur tanlovning videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan tantanali taqdirlash marosimida markaziy studiyadan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi oʻrinbosari Nodir Xolboʻtayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qoʻlga kiritgan 42 nafar talaba, ularning ustozlari va ota-onalari qatnashdi. Hududiy studiyalardan joylardagi kasaba uyushmalari va oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, professor-oʻqituvchilari hamda tanlovning quyi bosqichida ishtirok etgan talabalar ham tantanali tadbirni kuzatib bordi.

Tanlov toʻrt bosqichda — fakultet, oliy taʼlim muassasasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda respublika miqyosida tashkil etildi. Joriy yil 28-apreldan 19-maygacha oʻtkazilgan uch bosqichda yurtimizdagi 120 ga yaqin oliy taʼlim muassasasining 240 mingdan ziyod talabasi qatnashdi.

— Bugungi kunda yurtimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan oliy taʼlim tizimida ham tub islohotlar amalga oshirilmoqda, — dedi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov. — Natijada yangi Oʻzbekiston yoshlarini zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan, yuqori malakali kadrlar etib tarbiyalash tizimi takomillashtirilib, taʼlim jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish va modernizatsiya qilish borasida izchil chora-tadbirlar bajarilmoqda. Mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlardan samarali foydalangan talaba-yoshlar turli innovatsion loyihalarni amalga oshirib, fanlar boʻyicha res­publika va xalqaro tanlovlarda oʻz bilimini namoyon etmoqda. Yana shuni alohida taʼkidlash joizki, yoshlarni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, turli zararli oqimlar, buzgʻunchi gʻoya va mafkuralarga qarshi tura oladigan intellektual yetuk shaxs darajasida tarbiyalash bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Davlatimiz rahbari Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish gʻoyasini oʻrtaga tashlagani, uni millatimiz va davlatimiz uchun hayot-mamot masalasi darajasiga koʻtarayotgani ham aslida mana shunday ulugʻ maqsadlarni qamrab olgan, desak yanglishmagan boʻlamiz.

“Yangi Oʻzbekistonni oʻzimiz, oʻz qoʻllarimiz bilan bunyod etamiz!” shiori ostida oʻtkazilgan esselar tanlovining respublika bosqichi 24-27-may kunlari Toshkentda oʻtkazildi.

Yakuniy bosqich doirasida tashkil etilgan qator tadbirlar ham talaba-yoshlar va ularning ustozlari uchun gʻoyat mazmunli boʻldi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, akademik Akmal Saidov bilan “Taraqqiyot strategiyasi — kelajak uchun mustahkam zamin” mavzusida boʻlib oʻtgan uchrashuv qizgʻin fikrlar, savol-javob, mulohaza va mushohadalarga boy boʻlib, yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Uchrashuv doirasida talabalarga milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ijtimoiy hayot haqida tushunchalar berilib, oʻz iqtidorlarini namoyon etishlari uchun yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar toʻgʻrisida ham maʼlumotlar berildi.

Ishtirokchilar poytaxtimizning diqqatga sazovor joylari, maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari, yetakchi oliy taʼlim muassasalari, davlat boshqaruvi organlarida ham boʻlib, arboblar, olimlar bilan uchrashdi.

26-may kuni esselar tanlovining respublika bosqichi ishtirokchilari Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasida “Yangi Oʻzbekistonni oʻzimiz, oʻz qoʻllarimiz bilan bunyod etamiz!” mavzusida esse yozdi.

Ijodiy ishlarni baholashda mavzuning mazmun-mohiyati toʻlaqonli ochib berilgani, tarix, bugun va istiqbolni yoritib bera olgani, ilmiy, badiiy saviyasi, grammatik va uslubiy jihatdan toʻgʻri yozilgani, amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan oʻz munosabati, xulosaviy fikrlar, muammolar va ularning yechimi boʻyicha takliflar mavjudligi kabi mezonlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Esselar tanlovining respublika bosqichi ishtirokchilarining barchasiga Prezident sovgʻasi sifatida noutbuklar topshirildi.

Baholash natijalariga koʻra, ishtirokchilar orasidan birinchi, ikkinchi, uchinchi oʻrin gʻoliblari hamda bir qator nominatsiyalar boʻyicha sov­rindorlar aniqlandi. Tanlovda birinchi oʻringa sazovor boʻlgan talaba 30 million, ikkinchi oʻringa munosib deb topilgan ishtirokchi 20 million, uchinchi oʻrin sohibi 10 million soʻm pul va dip­lom bilan taqdirlandi.

Nominatsiyalar gʻoliblariga ham diplom va qimmatbaho esdalik sovgʻalari topshirildi.

Oʻz navbatida, barcha ishtirokchilar yangi Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatidan mamnun ekani, islohotlarga daxldorlik hissi bilan yashab, Vatanimiz rivojiga oʻz hissasini qoʻshishga tayyorligini bildirdi.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri