Mamlakatimizda yangilangan fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat qurish, Yangi Oʻzbekiston yoshlari uchun shart-sharoitlar yaratish asosiy strategik pirovard maqsad sifatida eʼlon qilindi.

Keyingi yillardagi oʻzgarishlardan koʻrinib turibdiki, yangi jamiyat qurish islohotlari tobora chuqurlashib bormoqda. Jarayon rivojlangan davlat va fuqarolik jamiyati qurilishining barcha yoʻnalishlarini qamrab olmoqda. Ushbu masalalar har tomonlama va chuqur tahlil qilingan Harakatlar strategiyasi mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, maʼnaviy hayoti bilan bogʻliq strategik maqsad va vazifalarni belgilab, islohotlarning yangi davrini boshlab bergani bilan nihoyatda muhim tarixiy ahamiyatga ega.

Ushbu strategiyaning mazmun-mohiyati va asosiy yoʻnalishlaridan biri yoshlarni taʼlim-tarbiya olishi, kasb-hunar egallashiga har tomonlama koʻmaklashishga qaratilgan. Bu yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor kuchayib borayotganidan dalolat beradi.

Mamlakatimizda yoshlar taʼlim-tarbiyasi, xuquq va manfaatlariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, yoshlarning bilim va iqtidorini oshirish maqsadida yangicha shakl va mazmundagi taʼlim tizimi yaratilgan.

Yurtimizdagi barcha islohotlar qatori bugungi kunda taʼlim tizimini modernizatsiyalash, yangi innovatsion gʻoyalar, yangiliklar bilan kengaytirish taʼlim tizimini tarkibiy jihatdan qayta qurish, fan-texnika va texnologiyaning iqtisodiyot va madaniyatning jahon miqyosidagi zamonaviy yutuqlarini hisobga olgan holda taʼlim dasturlarini oʻzgartirib, yangilab borishni koʻzda tutadi.

Uzluksiz taʼlimning poydevori hisoblangan umumiy oʻrta taʼlimni rivojlantirish, jamiyat va shaxs ehtiyojlarini toʻlaqonli qondirish hamda taʼlim jarayoni ishtirokchilariga zaruriy va yetarli sharoitlarni yaratish mazkur sohaning rahbar va pedagog xodimlariga oʻziga xos talablarini belgilab beradi.

Bugungi kunda jahondagi nufuzli oliy taʼlim muassasalari ilm-fanning yirik manbai hisoblanishi hech kimga sir emas. Oʻzbekistonda yangidan-yangi oliy oʻquv yurtlari, dunyodagi yetakchi universitetlarning filiallari tashkil etilmoqda. Davlat-xususiy sheriklik tizimi asosida nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Aholi fikrini oʻrgangan holda, sirtqi va kechki taʼlim shakllari qayta tiklanishi, qabul kvotalari oshirilishi yoshlarga berilayotgan imtiyozlarning yana bir koʻrinishidir.

Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda xalqimiz yoshlarning shijoati, bilimi, qobiliyati va ilmiy qarashlariga tayanadi. Ishonamizki, Yangi Oʻzbekiston yoshlari, albatta, yoshlikka xos shijoat, joʻshqinlik, mardlik va sabr toqat bilan ezgu orzu-intilishlarini amaliy harakatga aylantiradi.

Abduqahhor GʻANIYEV,

Qarshi davlat universitetining

pedagogika instituti direktori,

fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent